Toyloqdagi korxonada yiliga 100 ming dona 6 xildagi changyutkich ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.

 

   Toyloq tumanning Shoxkash qishlog‘ida joylashgan “SAM FIORENTA” mas’uliyati cheklangan jamiyati 2021 yilda tashkil etilgan bo‘lib, korxona 2023 yil yakunida Xitoydan keltirilgan zamonaviy uskunalar yordamida 30 nafar ishchini qamrab olgan holda yangidan ish boshladi. Bugun  OAV vakillari ishtirokida o‘tkazilgan press-tur davomida jurnalistlar mazkur korxona faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Press-turda Toyloq tuman hokimining o‘rinbosari - Investisiyalar, sanoat  va savdo bo‘limi boshlig‘I Bahodir Sanaqulov ishtirok etdi.

    11 milliard 500 million so‘mlik loyiha asosida korxonada yiliga 100 ming dona 6 xildagi changyutkich ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Hozirda bitta liniyada kuniga 250-300 ta changyutkich ishlab chiqarilmoqda. Joriy yil iyun oyigacha ikkinchi liniya ishga tushirilishi bilan ishlab chiqarish hajmi kuniga 550 tagacha, mahalliylashtirish hozirgi 35 foizdan 75 foizgacha ortishi kutilmoqda. Korxona mahsulotlari ichki bozordan tashqari qo‘shni respublikalar va Rossiyaga ham eksport qilinmoqda.
Maishiy texnika ishlab chiqaruvchilar uchun sifatli va kuchlanishga chidamli kabellar juda muhim hisoblanadi. Hozirda bunday kabellar asosan Turkiyadan import qilinadi. Bu esa tannarxga ham ta’sir ko‘rsatadi.

  -  Joriy yilda qiymati 17 milliard 500 million so‘mlik loyiha asosida yiliga 1 million komplekt maishiy texnikalar uchun yong‘inga chidamli kabel ishlab chiqarish syexini ishga tushirish harakatidamiz, - deydi korxona ishlab chiqarish guruhi rahbari Qodir Zaidov. – Bu bilan korxonamiz ishchilari soni 100 nafargacha yetadi. Chidamli kabellar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish orqali boshqa maishiy texnika ishlab chiqaruvchilarga ham sifatli kabel yetkazib berish imkoniyati yaratiladi.
   Hozirda korxonada 361 xildan ortiq mahsulot, shundan gaz plitalarining 90 foizi mahalliylashtirilgan, yil yakunigacha changyutkichlarning ham 75 foizini mahalliylashtirish rejalashtirilgan.

 

2015-2018 © Тойлоқ туман хокимлиги. Сайт САКТРМ томонидан ишлаб чиқилди