Toyloqda kasaba uyushmalari kuni nishonlandi

    Tumandagi madaniyat saroyida "11-noyabr - O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni"  munosabati bilan  bayram tadbiri tashkil etildi.
   Tadbirda korxona, tashkilot va muassasalar kasaba uyushmalari boshlang‘ich tashkilotlari raislari hamda kasaba uyushmalari xodimlari va faollari ishtirok etishdi. 
   Bayram tadbiri O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan boshlandi.
  Tadbirdan so‘z olgan Toyloq tuman hokimi  Bahodir Bobonazarov hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Samarqand viloyati Kengashi raisi Suhrob Rafiqov o‘tgan davrda kasaba uyushmalari tomonidan ishchi-xodimlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal qilish borasida ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilganini ta’kidlashdi. Ayniqsa, so‘ngi yillarda kasaba uyushmalari jamiyatimizning muhim bir bo‘lagiga aylangani e’tirof etildi. 
   Tadbir davomida bir guruh soha faollari tashakkurnoma va bayram sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Samarqand viloyati Kengashi raisi Suhrob Rafiqov, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining Samarqand viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi Iftixor Rahimov, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Toyloq tuman Kengashi raisi Qobil Sobirovlarga Toyloq tuman hokimining bayram sovg‘alari topshirildi. 
  Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda Toyloq tumanida kasaba uyushmalari tizimida 110 boshlang‘ich tashkilotlarda 7 mingdan ziyod  kasaba uyushma a’zolari fidokorona mehnat qilyapti. Ular korxona va tashkilotlarda ishchi-xodimlarning kasbiy, mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilishda, munosib mehnat sharoitlarini yaratishda faol ishtirok etib kelyapti.

2015-2018 © Тойлоқ туман хокимлиги. Сайт САКТРМ томонидан ишлаб чиқилди