Klaster - agrar sohani harakatlantiruvchi yetakchi kuch

    Ma’lumki, agrar tarmoqqa innovatsiyalarni keng tatbiq qilish, zaminimizda yetishtirilayotgan xom ashyoni o‘zimizda qayta ishlashni chuqurlashtirish bugungi zamon talabi hisoblanadi. Zero, qishloq xo‘jaligi qanchalik sanoatlashsa, davlatning iqtisodiy va eksport salohiyati shunchalik ortadi. Natijada aholi turmush farovonligi yuksaladi.
    Shu boisdan keyingi paytlarda yurtimizda ilg‘or texnologiyalarga asoslangan infratuzilmani yaratish, qishloq xo‘jaligida klaster usulini joriy etishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Klaster tizimi va zamonaviy issiqxona xo‘jaliklarini yaratish hamda tomorqa xo‘jaligi amaliyotini kengaytirish nafaqat hosildorlikni, balki qishloqda aholi turmush darajasini sezilarli darajada oshirish imkonini berdi. Ushbu yangi tuzilma o‘tgan juda qisqa vaqt ichida agrar sohani harakatlantiruvchi yetakchi kuchga aylandi.
   – Klaster bu – urug‘ni yerga qadashdan boshlab, undan yuqori va qo‘shimcha qiymatli mahsulot ishlab chiqarish, tayyor mahsulotlarni ichki bozorga va eksportga yo‘naltirishgacha bo‘lgan ishlarni birlashtiruvchi tizim, – deydi Toyloq tuman hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarining bosh mutaxassisi Sherzod Haydarov.
   Bugungi kunda tumanimizda 3 ta - "Bog‘izog‘on MCHJ" uzumchilik klasteri, “Pet Agro Oil” qo‘shma korxonasi hamda "Zarafshon Agro Zaxira AD" MCHJ kartoshkachilik klasterlari faoliyat yuritmoqda. 
   "Bog‘izog‘on MCHJ" uzumchilik klassteri jami 906 gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lib, fermer xo‘jaliklar va ularning 628 gektar maydoni hamda klasterni o‘zidagi 287 gektar maydonga uzumchilik mahsulotlari yetishtirish uchun biriktirib berilgan. Klasterning ishlab chiqarish quvvatlari talablaridan kelib chiqib, jami 4500.0 tonna mahsulot yetishtirib berish borasida shartnomalar tuzilgan.
   Korxonaning qayta ishlash quvvati 6000 tonnani tashkil etadi va bu yerda 12 ta turli rusumdagi qishloq xo‘jaligi texnikalari mavjud. 2023 yil hosili uchun korxona tomonidan jami 380.4 mln.so‘m miqdorida avans mablag‘lari ajratilgan bo‘lib, shartnoma qilingan fermer xo‘jaliklariga pul mablag‘lari to‘lab berilgan, qolgan to‘lovlar mahsulot sotib olish vaqtida amalga oshirilgan.
    Tumandagi “Pet Agro Oil” qo‘shma korxonasi  meva-sabzavotchilik va g‘allachilik yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat yuritadi. Klaster ixtiyorida jami 5869 gektar yer maydoni mavjud bo‘lib, shundan 4375 gektar g‘alla, 1494 gektari meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish uchun biriktirib berilgan, 50,3 ming tonna maxsulot yetishtirib berish borasida shartnomalar tuzilgan. Qayta ishlash quvvati 60 ming tonnani tashkil etadi va korxonada 35 ta turli rusumdagi qishloq xo‘jaligi texnikalari mavjud.
2023 yil hosili uchun korxona tomonidan jami 13.3 mlrd so‘m miqdorida avans mablag‘lari ajratilgan.
   Tumandagi "Zarafshon Agro Zaxira AD" MCHJ kartoshkachilik klasteri tomonidan 2023 yilda  fermer xo‘jaliklariga jami  800 tonna kartoshka urug‘i yetkazilib berildi, shundan 280 tonna urug‘ super eleta, 520 tonna eleta urug‘i.
    2023 yilda korxona tomonidan 191 ta ish o‘rinlari yaratish, shuningdek, 2500 tonna yangi turdagi urug‘ navlarini olib kirish rejalashtirilgan.

Toyloq tuman hokimligi axborot xizmati

2015-2018 © Тойлоқ туман хокимлиги. Сайт САКТРМ томонидан ишлаб чиқилди