SSV: Anomal sovuq kunlarda barcha tibbiyot muassasalarining uzluksiz va barqaror ishlashi taʼminlanadi

   Xabar qilganimizdek, 10-15 yanvar kunlari yurtimizda anomal sovuq harorat kutilmoqda. Bunday ob-havo sharoitida tibbiyot muassasalarining barqaror va uzluksiz faoliyat koʻrsatishini taʼminlash maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan quyidagi chora-tadbirlar koʻrildi.

   Tizimga qarashli davolash muassasalari uchun 436 ta qoʻshimcha dizel generatori xarid qilinib, joylarga yuborilmoqda. 

   155 ta oilaviy shifokor punkti va oilaviy poliklinikalar hamda mahalla tibbiyot punktlariga 260 kVt. quvvatga ega quyosh panellari, 10 300 litr hajmli quyosh suv isitish qurilmalari oʻrnatildi.

  375 ta mahalla tibbiyot punkti, 50 ta oilaviy shifokor punkti va oilaviy poliklinikalar uchun 2 352 kVt. quvvatga ega quyosh panellari harid qilindi. 

   Texnik sabablarga koʻra, biror tibbiyot muassasasida generator ishlamay qolsa, zudlik bilan muammoni bartaraf etish maqsadida barcha viloyatlarda kunu tun xizmat koʻrsatuvchi navbatchi generatorlar tashkil qilindi.      

  10-15 yanvar kunlari tibbiyot muassasalari qay tartibda faoliyat koʻrsatadi?

  72 000 nafardan ziyod shifokor va hamshiralardan iborat tibbiy brigadalar tomonidan, birinchi navbatda, homilador ayollar, bolalar, keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar yashaydigan xonadonlardan xabar olish, oʻz navbatida, “onlayn patronaj” xizmati koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi.

  Ambulator-poliklinika tizimidagi 19,5 mingdan ziyod kunduzgi shifoxona oʻrinlarida uydan ajralmagan holda davolanish imkoniyati yaratiladi.

  1257 ta koʻp tarmoqli va oilaviy poliklinika, 1080 ta oilaviy shifokor punkti hamda 1002 ta mahalla tibbiyot punkti aholiga tibbiy xizmat koʻrsatadi.

  Respublika, viloyat, tuman va shahar shifoxonalari, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, tibbiyot oliy oʻquv yurtlari klinikalari odatdagi tartibda ishlaydi.

   Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududlardagi 13 ta filiali, tumanlardagi 181 ta shoshilinch tibbiy yordam qabul boʻlimi hamda tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazlarida 24 soat davomida shifokor va hamshiralar faoliyat yuritadi. 

    Yurtimiz boʻyicha 2755 ta tez tibbiy yordam brigadasi aholidan boʻladigan chaqiriqlar asosida kunu tun xizmat koʻrsatadi.

   Bundan tashqari, 227 ta tugʻuruq, 245 ta bolalar davolash muassasasi ham uzluksiz ish olib boradi. 

   Respublika Call-markazi (1003) orqali tibbiyotga tegishli savollaringizga malakali mutaxassislardan kechayu kunduz javob olishingiz mumkin. 

Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.

2015-2018 © Тойлоқ туман хокимлиги. Сайт САКТРМ томонидан ишлаб чиқилди