YILNING ENG YAXSHI USLUBIY BIRLASHMASI ANIQLANDI

    Toyloq tumanidagi 4-umumta'lim maktabida o'tkazilgan "Yilning eng yaxshi uslubiy birlashmasi" ko'rik-tanlovi o'qituvchi- pedagoglar uchun haqiqiy mahorat va jasorat maydoniga aylandi. Maktabning o'quv ishlari bo'yicha direktor o'rinbosari G.Halimovaning tashabbusi bilan tashkil qilingan tanlovda maktabdagi 7 ta uslubiy birlashma jamoalari o'zini tanishtirish, sahnalashtirilgan dars jarayoni, maktab hayotidan tanqidiy lavha, tezkor savol-javob, erkin mavzu kabi shartlarda o'zaro bellashishdi.  

    O'qituvchilar o'z chiqishlarida dars o'tish mahorati va metodi, o'quvchini darsga qiziqtira olish, vaqtni to'g'ri taqsimlash,  zamonaviy pedtexnologiyalardan foydalanish ko'nikmalarini aks ettirishdi. Shuningdek, tayinlangan hakamlar tomonidan o'qituvchilarning ochiq darslari va uslubiy birlashma papkalari ham baholandi. Aytish mumkinki, ushbu ko'rik-tanlovning aynan uslubiy birlashmalar o'rtasida o'tkazilishi  pedagoglar orasidagi o'zaro hamkorlik, bilim va tajriba almashish, dars o'tish mahoratini oshirish, sog'lom raqobatni shakllantirish, dars jarayonlariga chetdan nazar solish va tahlil  qilish imkonini beradi. 

    - Birinchi marta tashkil qilingan ushbu ko'rik-tanlov jamoamiz tomonidan iliq kutib olindi va e'tirof etish kerakki, uslubiy birlashmalar o'qituvchilarining o'zaro hamkorlikda  ishlashini yanada oshirdi. Ko'rik-tanlovni muntazam tashkil qilish va ommalashtirish o'zining ijobiy samarasini beradi deb o'ylayman, - deydi maktab direktori X.Sultonov.  
  Ko'rik-tanlov shartlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan barcha uslubiy birlashmalar guruhlari turli nominatsiyalar bo'yicha "Tashakkurnoma" va kitoblar bilan taqdirlandi.

Gulhayo Baratova,

maktab targ'ibotchisi.

2015-2018 © Тойлоқ туман хокимлиги. Сайт САКТРМ томонидан ишлаб чиқилди