Toyloq tuman hokimi Bahodir Bobonazarovning o‘qituvchi va murabbiylarga bayram tabrigi

   Qadrli ustoz va murabbiylar!

   Har yili yurtimizda 1 oktyabr — O‘qituvchilar va murabbiylar kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlab kelinmoqda. Ming    -minglab murg‘ak qalblarga ezgulik yog‘dusini sochadigan, o‘z o‘quvchilariga hayot maktabini beradigan mo‘tabar zot — o‘qituvchi va murabbiylarimizga bugungi kasb bayramingiz muborak bo‘lsin, deymiz!
     Haqiqatan ham, ko‘z nuri va qalb qo‘rini, butun ongli hayotini yosh avlodga bilim va tarbiya berishga, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol toptirishga bag‘ishlagan, bir so‘z bilan aytganda, Vatanimizning ertangi kunining poydevorini yaratayotgan bu insonlarning olijanob mehnatiga har qancha tahsin aytsak oz.
   Xalqimizda "Ustoz otangdek ulug‘", degan so‘z bor. Kimki bu hayotda biror yutuqqa erishsa, kasbidan e’zoz topsa, uning qalbida ustozlariga, ayniqsa, birinchi o‘qituvchisiga bo‘lgan hurmat abadiy muhrlanadi.  
 Darhaqiqat, ustozsiz hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Dunyoda o‘qituvchining mehnatidan og‘ir yumush yo‘q.  Shu sababli ham yurtimizda farzandidek aziz bo‘lib qolgan o‘quvchisining kelajagiga befarq bo‘lmagan, kasbiga sadoqatli, jonkuyar o‘qituvchilarning qadri baland bo‘lib bormoqda.       
  
    Hurmatli ustozlar!

   Yangilanayotgan O‘zbekiston islohotlarining muvaffaqiyati, mamlakatimizning dunyodagi rivojlangan, zamonaviy davlatlar qatoridan munosib o‘rin egallashi, avvalo, ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasining rivoji bilan erishamiz, desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi.
  Ana shu vazifani sidqidildan uddalaydigan bilimli va iste’dodli, hech kimdan kam bo‘lmagan navqiron avlodni tarbiyalash bugungi kunda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bu borada Siz fidoyi o‘qituvchi va murabbiylarning zahmatli mehnatingiz har qancha maqtovga loyiq.
  
     Qadri baland ustozlar!

  Yana bir bor “1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bilan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

2015-2018 © Тойлоқ туман хокимлиги. Сайт САКТРМ томонидан ишлаб чиқилди