Toyloqda 41 ta mahallalarda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari faoliyat yurityapti

Press-tur

   Ayol — millat kelajagi, hayot davomchisi. Xotin-qizlar e’zozlangan, qadrlangan yurtning buguni va ertasi farovon bo‘ladi. Shu boisdan yurtimizda xotin-qizlarga qaratilayotgan e’tibor o‘zgacha. Ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, oila, onalik va bolalikni himoya qilish, ayollar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ular uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi.
   Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-sentabrdagi “Xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlashga oid qo‘shimcha chora tadbirlar” to‘g‘risidagi qaroriga asosan mahallalarda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish belgilangan edi. Ushbu qarorga asosan Toyloq tumanida 41 ta markaz tashkil etilib, ularning faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 

     Ana shunday markazlardan biri tumanning Qo‘shchinor mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etilgan bo‘lib, markazga mohir chevar Hilola Nodirova rahbarlik qilib, ishsiz xotin-qizlarga tikish-bichish sirlarini o‘rgatmoqda. 
     Bugun tashkil etilgan press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari mazkur markaz faoliyati bilan tanishishdi. 
    -Markazimiz 2023 yilning iyun oyida tashkil etilgan bo‘lib, maqsadimiz kasanachilikni rivojlantirish orqali oila byudjeti daromadlarini oshirish, uy mehnatidan foydalangan holda ishlab chiqarishni yanada kengaytirish va ish bilan band bo‘lmagan xotin-qizlar sonini qisqartirish, mahallalarda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlashdan iborat, -deydi markaz rahbari  Hilola Nodirova. – Mahalladagi hokim yordamchisi ko‘magida imtiyozli kredit asosida 4 ta tikuv mashinkasi olib, markaz faoliyatini yo‘lga qo‘ydim. Ayni damda 15 nafar xotin-qizlarga tikish-bichish sirlarini o‘rgatyapman. Markazdan hunar o‘rganib chiqqan qizlar o‘zlari mustaqil faoliyat yuritishmoqda.  
    Markazda xotin-qizlar nafaqat hunar o‘rganishadi balki, salomatliklarini mustahkamlash maqsadida sport bilan ham shug‘ullanishadi.  

   -Tumanda 41 ta shunday markazlar ochilgan bo‘lib, 37 tasi tikuvchilik, 2 ta qandolatchilik qandolatchilik, 2 tasi esa  fitnes klublarni tashkil qiladi.  Markazlar tomonidan bugungi kunga qadar 125 nafar xotin-qizlarning bandligi ta’minlangan. Markazlar tadbirkorlar qaror talablariga asosan 5 yil muddatga ijara shartlari asosida ish faoliyatini yuritib kelmoqda. Shuningdek tashkil etilgan barcha markazlarda xotin qizlar salomatligini mustahkamlash uchun stol tennis jihozi, shashka va shaxmat doskalari va boshqa turdagi sport bilan shug‘ullanishi uchun qulayliklar yaratilgan,- deydi Toyloq tuman hokimining o‘rinbosari Noila Kambariddinova. 

 

Nigina RAHMATOVA,

tuman hokimligi axborot xizmati rahbari.

2015-2018 © Тойлоқ туман хокимлиги. Сайт САКТРМ томонидан ишлаб чиқилди