insurez
19-04-2024 16:55

Toyloqda xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik 2 barobarga kamaygan


  O‘zbek ayoli doimo mehr–muhabbat timsoli bo‘lib kelgan. Milliy qadriyatlarimizda xotin-qizlarga nisbatan hurmat, ularni e’zozlash yuksak ahamiyat kasb etadi. Bu qadriyatlar bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan, balki har qachongidan ham dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda. Bu borada qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlar xotin-qizlarning haq-huquqlarini, manfaatlarini himoya qilishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. 
   Bugun Toyloq tumani hokimligida Toyloq tuman hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Noila Kambariddinova hamda tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Xurshed Bobonov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ham Toyloq tumanida xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, ularning huquqiy ongini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.   
Ma’lumotlarga ko‘ra 2023 yilda tumanda 71 nafar xotin-qizlarga himoya orderi berildi.  Zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan har bir xotin-qiz bilan individual ish olib borish natijasida xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holati 2024 yil 3 oyida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 barobarga kamaydi.  Joriy yilning dastlabki choragida 4 nafar xotin-qiz tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan bo‘lib, ularning qonuniy manfaatlari himoya qilingan.
   Himoya orderi berish natijasida 32 ta oilani yarashtirishga, 29 ta nizoni bartaraf etishga erishildi. Rasmiylashtirilgan 9 ta himoya orderi bo‘yicha ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik belgilanib, xotin-qizlarning buzilgan huquqlari tiklandi.  
  -Tumandagi mavjud 50 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari 17 nafar adliya tizimida faoliyat yurituvchi xodimlarga biriktirilib, 2024-yilning yanvar oyidan mahalla yettiligi bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatgan holda fuqarolarga, ayniqsa ijtimoiy himoyaga (asosan, huquqiy yordamga) muhtoj, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turuvchi fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatilgan, - deyti tuman adliya bo‘limi boshlig‘i X. Bobonov. 
    Jumladan, joriy yilning 1-choragi davomida tuman adliya bo‘limi va tizimidagi xodimlari tomonidan 9 ta mahallalarda, uyma-uy yurgan holda 140 nafar (shundan 98  nafari xotin-qizlar) fuqarolar bilan muloqotda bo‘lib, ularning huquqiy muammolari o‘rganilgan aholining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan.
   Huquqiy targ‘ibot tadbirlari va qabul qilinayotgan qonun va qarorlarning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish natijasida joriy yilning o‘tgan davrida  fuqarolar va yuridik shaxslardan jami 83 ta murojaatlar qabul qilindi, shundan 43 ta murojaatlar  qanoatlantirildi.

Teglar
- -