insurez
26-08-2024 14:35

Toyloqda turli soha va tarmoqlarda mehnat qilayotgan ishchi va xizmatchilarning 49 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.


  Toyloqda turli soha va tarmoqlarda mehnat qilayotgan ishchi va xizmatchilarning 49 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Rahbarlik lavozimida mehnat qilayotgan xotin-qizlarning ulushi 31 foizdan oshgan. 

  Bu haqda bugun Toyloq tumani hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Noila Kambariddinova ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytildi. 
  -Tumandagi mavjud 50 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida “Xonadonbay” tamoyili asosida 35 mingga yaqin xonadonlar xatlovdan o‘tkazildi va ishsiz, ishlash istagini bildirgan va tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan 2362 nafar xotin-qizlarning manzilli ro‘yxatlari shakllantirildi. - deydi N. Kambariddinova. -Ro‘yxat asosida “Toyloq tumanida 2024–2025 yillarda tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan  muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan  xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlari dasturi” ishlab chiqildi.
   Bunda, 2024-yilda 1009 nafar xotin-qizlarni kasb-hunarga va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kungacha 875 nafar xotin-qizlar kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitildi. Xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitishda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish vazirligi tizimidagi tashkilotlar, Savdo sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi va Nodavlat notijorat tashkilotlari ishtirok etishdi.


   2024-yilda 235 ta xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish orqali 341 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan va hozirda ushbu loyihalarni moliyalashtirish uchun amaliy ishlar olib borilmoqda. Bunda xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirishda AT “Xalq banki” va “Biznesni rivojlantirish banki” mablag‘laridan foydalanish ko‘zda tutilgan.
   2024-yilda 1042 nafar xotin-qizlarni doimiy ishga joylashishida ko‘maklashish va 195 nafar xotin-qizlarni haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish rejalashtirilgan. Hozirgi kungacha 571 nafar xotin-qizlarning doimiy ishga joylashishida amaliy yordam berildi. 87 nafar xotin-qizlar jamoat ishlariga jalb qilindi. O‘zini-o‘zi band qilishida amaliy yordam ko‘rsatilishi rejalashtirilgan 1293 nafar xotin-qizlardan 1096 nafarining o‘zini-o‘zi band qilishi ta’minlandi.
  “Ustoz-shogird” an’anasi asosida 25 nafar usta hunarmandga biriktirish orqali 156 nafar xotin-qizlarning bandligini ta’minlash rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda 25 nafar usta hunarmandning manzilli ro‘yxatlari shakllantirilib, ularga xotin-qizlarni biriktirish jarayonlari olib borilmoqda.


   Sog‘lom va mustahkam oila jamiyat barqarorligi va rivojlanishida shubhasiz o‘rin tutadi. U kelajak va farovonlik barpo etuvchi o‘zgarmas poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Shu boisdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 21.02.2024 yildagi ““O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-37-son Farmonining 1-ilovasi 25-maqsadida Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni ta’minlash yuzasidan topshiriqlar berilgan.
   Ushbu topshiriqlar ijrosi yuzasidan, tumandagi 50 ta mahallalarda “Sog‘lom oila — sog‘lom jamiyat” shiori ostida oilalar farovonligi va barqarorligini ta’minlash, oilalarni mustahkamlash, mas’uliyatli ota-onalik g‘oyasini singdirish, nizoli oilalardagi muhitni sog‘lomlashtirish yuzasidan madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Profilaktika hisobida turgan va uzoq muddatga chiqib ketgan xotin-qizlarning manzilli ro‘yxatlari shakllantirilib, ular bilan hamkorlik dasturi asosida individual ishlar olib borilmoqda.
   Sog‘lom ona va sog‘lom bola konsepsiyasi asosida olib borilayotgan amaliy ishlar natijasida tumanda onalar va go‘daklar o‘limi sezilarli darajada kamaydi. Jumladan, tumanda joriy yilning shu davrigacha onalar o‘limi kuzatilmadi.

Teglar
- -