Qo'sha qarish saodati
Yastepa mahallasida yashovchi Avaz Ne’matov, O‘lmas Samadov, Toshpo‘lat Qayumov, Abduroziq Toshpo‘latovlar yetmish yoshdan oshib, turmush o‘rtoqlari bilan qo‘sha qarish saodatiga erishgan baxtli oilalardan. Ellik yildan oshiq vaqt bir-biriga yelkadoshu suyanch bo‘lgan bu insonlarning umr yo‘li, oila atalmish muqaddas qo‘rg‘onni asrab-avaylab kelayotgani hozirgi ko‘plab yoshlar uchun ibrat maktabi, desak yanglishmaymiz.
Bugun esa ular qo‘sha qarish saodatiga muyassar oila sifatida Toyloq tumani Nuroniylar jamoatchilik kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbiriga taklif etildi.
Tadbirni «Ayollar targ‘iboti guruhi” rahbari Moʻtabar Yo‘ldosheva, Respublika ma’navit va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi rahbari Ziyodulla Avazovlar ochib berishdi. Ular mazkur tadbirning yoshlar tarbiyasi, ayniqsa yosh oilalarning mustahkam bo‘lishida muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlashdi.
Tadbir avvalida tuman “Nuroniy” jamg‘armasi qoshidagi “Buvijonlar maktabi” a’zolari tomonidan tuzilgan “Joziba” havaskor jamoasi “Xon atlas” liboslar ko‘rgazmasini namoyish etishdi.
Shundan so‘ng nuroniy oila sohiblari bir-birlarini qanday topib, turmush qurishgani-yu, hayot yo‘llari davomida turmushning qanday “musht”lariga dosh berganlarini hikoya qilib berishdi. Qolaversa, er-xotin munosabatlari, oila mas’uliyati, ro‘zg‘or yuki, farzand tarbiyasi borasidagi fikrlarini aytib o‘tishdi.
-Oila muqaddas qo‘rg‘on. Qo‘rg‘on mustahkamligini ta’minlashda er va xotin birdek mas’ul. Bugungi yoshlarda ana shu mas’uliyat, qat’iyat, sabr va shukr kabi fazilatlar yetishmaydi. Shu sababdan ham bugun ajrimlar soni ko‘p. Farzandlarimizga o‘rnak bo‘lib, ularga to‘g‘ri tarbiya berib, oila muqaddas dargoh ekanligini, uning mustahkamligiga asos bo‘luvchi omillarni yoshligidan o‘rgatsakkina ko‘zlangan maqsadga yetamiz, - deydi Abduroziq ota Toshpo‘latov.
Shundan so‘ng piru badavlat otaxonu onaxonlarga tashabbuskorlarning esdalik sovg‘alari topshirilib, tuman madaniyat bo‘limi xodimlari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar namoyish etildi.
Nigina Rahmatova,
Toyloq tuman hokimligi axborot xizmati rahbari.