Xalq deputatlari Toyloq tumani Kengashining 1-sessiyasi bo'lib o'tdi
Bugun tuman hokimligida Xalq deputatlari Toyloq tuman Kengashining yettinchi chaqiriq birinchi sessiyasi o‘tkazildi. Sessiya ishida Samarqand viloyati hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari Qodirov Bahodir Rahimovich ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunining 16/3-moddasiga muvofiq Хalq deputatlari Toyloq tuman Kengashining yettinchi chaqiriq birinchi sessiyasini Toyloq tumani saylov komissiyasi raisi Navro‘zov Ikrom Toshpo‘latovich olib bordi.
Xalq deputatlari Toyloq tuman Kengashiga “Tadbirkorlar va ishbilarmonlar Harakati – O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi”dan saylangan 9 nafar, O’zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan saylangan 8 nafar, O’zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasidan saylangan 4 nafar, O’zbekiston “Xalq demokratik partiyasi”dan saylangan 3 nafar deputatlardan iborat partiya guruhlari tasdiqlandi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasidan saylangan 1 nafar deputat ro‘yxatga olindi.
Xalq deputatlari Toyloq tuman Kengashining yettinchi chaqiriq birinchi sessiyasida navbatdagi masala sifatida tuman hokimini tasdiqlash masalasi ko’rib chiqildi.
Qonunchilikka ko‘ra, tuman, shahar hokimlari viloyat hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi hamda tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Sessiya ishida ishtirok etgan Samarqand viloyati hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari Qodirov Bahodir Rahimovich tuman hokimini tayinlash to‘g‘risidagi viloyat hokimining qarorini o‘qib eshittirdi.
Toyloq tumani hokimi lavozimiga nomzod Bobonazarov Bahodir Qodirovich tomonidan hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning istiqbolga mo‘ljallangan dasturi taqdimot qilindi.
Dastur 10 ta asosiy yo‘nalish va 93 ta chora-tadbirlardan iborat bo‘lib, 2025-2029-yillar davomida tumanda barcha sohalarni rivojlantirish qamrab olingan.
Nomzod bo‘yicha deputatlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi va deputatlar tomonidan Toyloq tumani hokimi lavozimiga Bobonazarov Bahodir Qodirovich nomzodi tasdiqlandi.