Toyloqlik jahon chempioni tantanali kutib olindi
Bahraynda bo‘lib o‘tgan og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatining dast ko‘tarish yo‘nalishida oltin medalni qo‘lga kiritgan Toyloq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi tarbiyalanuvchisi shopo‘lotlik Sharofiddin Amriddinov Samarqand temir yo‘llar vakzalida munosib kutib olindi.
Sport boshqarmasi, viloyat hamda tuman hokimligi vakillari, Toyloq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi rahbariyati, chempionning oila a’zolari Sharofiddin Amriddinov hamda uning murabbiyi Amrillo Bahriyevni tarixiy g‘alaba bilan qutlashdi.
- Aslida chempion men emas, ota-onam. Agar ular menga sport bilan shug‘ullanishim uchun shart-sharoit yaratib bermaganida bu g‘alaba ham yo‘q edi. Qolaversa, ustozlarimning mehnati va tarbiyasi, mustahkam iroda va yaqinlarning qo‘llab-quvvatlashi ham muhim omil. Men ularning ishonchlarini oqlashga, yurtimiz bayrog‘ini bundan-da yuksaklarga ko‘tarishga harakat qilaman, -deydi Sh. Amriddinov.
Bugun Toyloq tumanidagi Shopo‘lot qishlog‘ida chinakam to‘y-tantana, xushu-xursandchilik bo‘ldi. Sharfiddin сhet eldan yuksak g‘alaba bilan qaytayotganini eshitgan qishloq ahli jam bo‘lishdi. Sportchiga hamrohlik qilib, ona vatanimiz bayrog‘ini hilpiratib kelayotgan kartejlarni karnay-surnay sadolari ostida kutib olishdi.
Viloyat sport boshqarmasi boshlig‘ Sh. Ro‘ziyev Samraqand viloyati hokimi Adiz Boboyevning sportchining ota-onasiga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi va tashakkurnomasini o‘z egalariga topshirdi. Qolaversa, Toyloq tumani hokimining o‘rinbosari Jahongir Haqberdiyev tuman hokimi B. Bobonazarovning tabrigi yetkazdi va qimmatbaho sovg‘alarini Sharofiddin va uning treneriga topshirdi.
Eslatib o‘tamiz, Bahraynda bo‘lib o‘tgan og‘ir atletika bo‘yicha Jahon chempionatida Sharofiddin Amriev oltin medalni qo'lga kiritdi.