Toyloqda 14 kishiga fuqarolik pasporti berildi
Fuqarolik pasportlarini tuman hokimi Bahodir Bobonazarov hamda sektorlar rahbarlari o‘z egalariga topshirishdi.
8-dekabr - O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun bayrami arafasida topshirilganligining ramziy ma’nosi bor albatta. Chunki, Konstitutsiyamiz — inson sha’ni, qadr-qimmati va huquqlarining mustahkam kafolati hisoblanadi.
-Tojikistonda tug‘ilganman. Taqdir taqozosi bilan O‘zbekistonga ko‘chib kelganmiz, – deydi tumanimizning Taraqqiyot mahallasida yashovchi Malika Doniyorova. – Bir yurtda yashasang, oila qurib, ro‘zg‘or tebratsangu shu yurt fuqarosi bo‘lmasang, davlat va jamiyat ishlarida ishtirok etishing cheklangan bo‘lsa – qalbingning bir cheti kemtik, hayoting to‘laqonli emasdek tuyulaveradi. Bu go‘yoki, inson o‘z uyida o‘zini begonadek his qilganday gap. Bugun quvonchimning cheki yo‘q. Uzoq yillik orzularim amalga oshdi. Buni qarangki, uch opa singil bir kunda fuqarolik pasportini oldik. Buning uchun avvalo, Prezidentimizga, qolaversa tuman rahbarlariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
-Toyloq tumnida 53 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar istiqomat qilishadi. Shundan 14 nafarining hujjatlarini tegishli tashkilotlarga taqdim qildik va sud orqali ularning yashash fakti belgilanib, fuqarolik pasporti berildi. Qolgan 39 nafar tumandoshlarimizga ham fuqarolik pasporti berish uchun, hujjatlari tegishli organlarga taqdim qilindi, -deydi tuman IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasi boshlig‘i Baxtovar Najmiyev.
Ko‘zlarida shukronalik, minnatdorchilik va quvonch yoshlari balqib turgan onaxonu-otaxonlar inson huquq va erkinliklari ta’minlangan, qadri ulug‘langan yurtda yashayotganliklariga shukronalar keltirib, qo‘llarini duoga ochishdi.