Toyloq tumanida transport-logistika salohiyatini oshirishga qaratilgan yangi tashabbus
Toyloq tumanida transport-logistika salohiyatini oshirishga qaratilgan yangi tashabbus ✔️“Samarqand–Urgut elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi”ning ishga tushirilishi Toyloq tumanida faoliyat yuritayotgan salohiyatli tadbirkorlik subyektlari uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Yangi temir yo‘l liniyasi orqali tumanda ishlab chiqarilayotgan sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini mamlakatimizning barcha hududlariga tezkor yetkazish, shuningdek, xorijiy mamlakatlarga eksport qilish salohiyati yanada oshishi kutilmoqda. ✔️Shu maqsadda Toyloq tumani hududida zamonaviy yuk stansiyasi va yuk terminali qurish bo‘yicha bir qator takliflar ilgari surilmoqda. Mazkur loyihalar tuman iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lib, transport-logistika tizimini yangi bosqichga olib chiqishi rejalashtirilgan. ✔️Tuman hokimi Behzod Raxmatullayev hamda “Siyob-Shavkat-Orzu” fermer xo‘jaligi raisi Baxtiyor Ma’rupov rejalashtirilayotgan hududni o‘rganish maqsadida yerlarni ko‘zdan kechirdilar. Uchrashuv davomida hudud infratuzilmasi, mavjud imkoniyatlar va istiqboldagi rejalar atroflicha muhokama qilindi. ✔️Tomonlar o‘zaro fikr almashib, manfaatli va samarali loyihalar ishlab chiqish zarurligini ta’kidladilar. Yangi yuk stansiyasi va terminalining barpo etilishi nafaqat mahalliy tadbirkorlar faoliyatini yengillashtiradi, balki Toyloq tumanining logistika markaziga aylanishiga xizmat qiladi. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport hajmini oshirish va tuman iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.



