insurez
27-10-2025 18:51

Toyloq tumanida mehnat yarmarkasi tashkil etildi


Toyloq tumanida mehnat yarmarkasi tashkil etildi

Bugun Toyloq tumanidagi “Samarqand Lak-Bo‘yoq” MCHJ (Inter Natsional) lak-bo‘yoqlar ishlab chiqarish korxonasida tuman hokimligi, Bandlikka ko‘maklashish markazi hamda tegishli tashkilotlar hamkorligida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etildi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi — aholining bandligini ta’minlash, yoshlar va ishsiz fuqarolarga o‘zlariga mos kasb topish, shuningdek, mahalliy korxonalarga malakali kadrlarni tanlab olish imkoniyatini yaratishdan iboratdir.
Yarmarkada 200 nafarga yaqin ishsiz fuqaro ishtirok etdi. Tadbir davomida ularning 12 nafari (5 nafari ayollar, 7 nafari erkaklar) ish bilan ta’minlandi, 16 nafar ishsiz fuqaro o‘qishga yo‘naltirilgan bo‘lsa 30 nafariga esa kasb tanlash, mehnat bozori talablari hamda kasbiy malaka oshirish kurslari haqida tushuntirish va maslahatlar berildi.
Shuningdek, yarmarkada korxona va tashkilotlar o‘zining mavjud 560 ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi. Ular orasida ishlab chiqarish, qurilish, xizmat ko‘rsatish, savdo hamda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlaridagi korxonalar ham bor.
Tadbirni tuman hokimi Behzod Raxmatullayev ochib berdi. U o‘z nutqida mehnat yarmarkalarining ahamiyatiga to‘xtalib, shunday dedi:
“Bu yarmarka shunchaki kelib ketish uchun emas, balki har bir ishtirokchiga o‘ziga munosib ish topish, hayotida yangi bosqichni boshlash imkonini beruvchi muhim tadbir hisoblanadi. Mehnat inson hayotining mazmuni, mehnat orqali inson o‘z orzulariga erishadi.”
Tadbir so‘ngida ishga joylashgan fuqarolar o‘z minnatdorchiliklarini bildirib, bu kabi yarmarkalar ularning hayotida yangi imkoniyatlar ochayotganini ta’kidladilar.

Teglar
- -