Toyloq tumani yana bir festivalga mezbonlik qiladi
Toyloq tumani yana bir festivalga mezbonlik qiladi
Toyloq yana bir rang-barang va madaniy tadbirga mezbonlik qilish arafasida. Samarqand viloyati Turizm boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek Suyunov hamda tuman hokimi Behzod Raxmatullayev boshchiligidagi viloyat va tuman tashkilotlari vakillari bugun Darg‘om o‘rmon xo‘jaligida bo‘lib, shu hududda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Asal festivalini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida hudud imkoniyatlarini ko‘zdan kechirishdi.
Festivaldan ko‘zlangan maqsad — hududda asalarichilikni rivojlantirish, mahalliy asal mahsulotlarini keng targ‘ib qilish, shuningdek, ekologik toza mahsulotlarni xalq orasida ommalashtirishdir. Tadbir davomida mehmonlarga asal yetishtirish jarayoni, asalarichilik an’analari hamda asalning inson salomatligiga foydalari haqida ma’lumotlar taqdim etilishi kutilmoqda.
Tuman hokimi Behzod Raxmatullayev mazkur festival nafaqat iqtisodiy, balki turizm va madaniy jihatdan ham muhim ahamiyatga ega bo‘lishini ta’kidladi. Festival orqali tuman aholisi va mehmonlar nafaqat asal mahsulotlaridan bahramand bo‘lishadi, balki o‘rmon xo‘jaligining tabiiy go‘zalliklaridan ham zavqlanish imkoniga ega bo‘ladilar.
Toyloqliklar esa ushbu tadbir orqali o‘z hududining salohiyatini yana bir bor namoyish etishga tayyorlanmoqda.




