08-12-2025 07:03

TOYLOQ TUMANI HOKIMI BEHZOD RAXMATULLAYEVNING TUMAN AHLIGA BAYRAM TABRIGI


TOYLOQ TUMANI HOKIMI BEHZOD RAXMATULLAYEVNING TUMAN AHLIGA BAYRAM TABRIGI Assalomu alaykum hurmatli tumandoshlar! Jonajon Vatanimiz Bosh qomusi, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 33 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman! Bosh qomusimiz – milliy mustaqilligimizni mustahkamlash, tinchlik va barqarorlik, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni saqlash kabi barcha jabhalarda ishonchli kafolat bo‘lib kelmoqda. Shu bilan birga Konstitutsiyamiz jonajon Vatanimizning xalqaro maydondagi obro‘ –e’tiborining ortishi, xalqimiz turmush farovonligining yuksalishi, yurtimizning gullab-yashnashida muhim asos bo‘layotganligi qalbimizga g‘urur bag‘ishlaydi. Xususan, uning har bir bandi ta’bir joiz bo‘lsa, yaratuvchanlik, ezgulik, bunyodkorlik va xalq manfaatlari himoyasiga qaratilgan. Konstitutsiyamizning 2-moddasida: "Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas'uldir" deb ko'rsatilgan. Shu bilan birgalikda 43-moddasida: «Davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘radi», deb qayd etilgan. Darhaqiqat, bugungi kunda aholini daromad manbai bilan ta’minlash va kambag‘allikdan chiqarish barchamizning, tumandagi har bir davlat xizmatchisi faoliyatining bosh mezonidir. Zero, aholi turmush farovonligini yuksaltirish va aziz xalqimizni rozi qilish ustuvor vazifamizdir. Aziz yurtdoshlar! Shukuhli ayyom nishonlanayotgan shu qutlug‘ kunlarda tumanimiz yanada chiroy ochib, go‘zal qiyofa kasb etganligi barchamizni quvontiradi. Butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi, tumanimizda ham barcha yo'nalishlar va o‘zgarishlar natijasida, tuman markazining, mahalla va qishloqlarini ko‘rinishi tubdan o‘zgarib, shahar qiyofasiga kirib bormoqda. Xalq xo‘jaligining turli jabhalarida, ayniqsa ijtimoiy-iqtisodiy, sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish va obodonlashtirish sohalarida ulkan natijalarga erishilmoqda. Eng asosiysi, xalqimizning farovonligi oshib, turmush darajasi yuksalmoqda. Bu natijalarning barchasi hurmatli Davlatimiz Rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlarning amaliy ifodasidir. Alohida qayt etish joizki, hurmatli Prezidentimizning Farmonlariga asosan Konstitutsiyamiz qabul qilingan kun munosabati bilan jazo muddatini o‘tayotgan 615 nafar shaxs avf etildi. Bu ham Bosh qomusimizda belgilangan insonparvarlik normalarining amaliy ifodasidir. Buyuk muhaddis Imom Abdurahmon ad-Dorimiy, ulug‘ mutasavvuf Xoja Saqqoyi Vali, hanafiya mazhabining yetuk ilohiyotchilaridan biri Imom Faxriddin Roziylar mangu qo‘nim topgan, yetuk dramaturg, publisist, jamoat arbobi, jadidchilik harakatining asoschisi Mahmudxo‘ja Behbudiyning kindik qoni to‘kilgan hamda Zahiriddin Muhammad Bobur Misr-u Shomdan ham go‘zal, deb ta’riflagan jannatmakon tumanimiz Sizlarning fidokorona mehnatlaringiz va fidoyiligingiz bilan yana ham gullab-yashnayversin! Sizlarga sihat-salomatlik, oilalaringizga fayz-u baraka va farovonlik tilayman! O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 33 yilligi muborak bo'lsin!

Teglar
- -