Toyloq tumani hokimi Bahodir Bobonazarovning o‘qituvchi va murabbiylarga bayram tabrigi.
Muhtaram ustoz va murabbiylar!
Avvalo, sizlarni, ta’lim-tarbiya sohasining barcha jonkuyar xodimlari va faxriylarini umumxalq bayrami – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Bugun biz mamlakatimizda millati, tili, dinidan qat’i nazar, har bir inson o‘z qobiliyati va iste’dodini, bilim va tajribasini ro‘yobga chiqara oladigan ijtimoiy davlat barpo etmoqdamiz. Shu maqsadda barcha kuch va imkoniyatlarimizni yoshlarimizning intellektual va jismoniy kamoloti, ularning sifatli ta’lim olib, hayotda munosib o‘rin egallashlari uchun safarbar etmoqdamiz.
Buyuk bobomiz Alisher Navoiy aytganlaridek, dunyoning bor boylik va xazinasi bilan ham oliyjanob mehnatingiz haqini ado etib bo‘lmaydi. Haqiqatan ham, o‘quvchilarini o‘z farzandidek ardoqlab, yosh avlod tarbiyasi uchun ko‘z nuri, qalb qo‘ri, butun borlig‘ini baxsh etadigan o‘qituvchi va murabbiylar tom ma’noda fidoyi kasb egalaridir.
Qadri baland ustozlar!
“1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bilan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.
Ilm yo‘lidagi shijoatingiz, metin irodangiz, tog‘dek sabringiz, bilim ummonidagi sabog‘ingiz doimo sarbaland bo‘lsin!
Kasb bayramingiz muborak bo‘lsin, hurmatli ustozlar!