15-11-2025 22:44

Toyloq asalarichilik festivali – 2025: Darg‘om o‘rmonida shukuhli sayl


Toyloq asalarichilik festivali – 2025: Darg‘om o‘rmonida shukuhli sayl Bugun Toyloq tumanidagi Darg‘om o‘rmon xo‘jaligi hududida ilk bor tashkil etilgan “Toyloq asalarichilik festivali – 2025” ko‘tarinki ruhda, keng omma ishtirokida o‘tdi. Ushbu tadbirga o‘n mingga yaqin tomoshabinlar tashrif buyurib, festivalga o‘ziga xos bayramona kayfiyat bag‘ishladi. Bayram sayliga mamlakatning olti viloyatidan kelgan tajribali asalarichilar, tadbirkorlar va asal mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari qatnashdi. Ular o‘zlari tayyorlagan sifatli, tabiiy asal va asalari mahsulotlari bilan yarmarkaga yanada fayz kiritdi. Toyloq tumanining o‘zidan ham bir qator mahalliy tadbirkorlar ishtirok etdi. Jumladan, uzoq yillardan beri asalarichilik sohasida samarali faoliyat yuritib kelayotgan “Orzu Olim Dilmurod” asalarichilik fermer xo‘jaligi rahbari Orif bobo festivalda 12 xil turdagi asal va asalari mahsulotlari bilan qatnashib, mehmonlar e’tiborini tortdi. U ishlab chiqargan mahsulotlar sifat va tabiiylik bilan ajralib turdi. Festival davomida turli madaniy va sport tadbirlari tashkil etildi. Sahna atrofida jaranglagan musiqiy chiqishlar, dorbozlar tomoshalari, kurash bahslari, arqon tortish musobaqalari saylga yanada sho‘h ohang bag‘ishladi. Bundan tashqari, mehmonlar uchun milliy taomlar ko‘rgazmasi, xalq an’analarini aks ettiruvchi burchaklar va milliy o‘yinlar namoyish etildi. Bu esa festivalga tashrif buyurganlar uchun unutilmas madaniy tajriba bo‘ldi. Darg‘om o‘rmon xo‘jaligi tabiatning go‘zal bag‘rida joylashgani bois mazkur hudud kelgusida tuman uchun muhim turistik zona sifatida faoliyat yuritishi ta’kidlandi. Festival davomida bu fikr yana bir bor o‘z isbotini topdi: minglab mehmonlarning tashrifi ushbu maskanning katta sayyohlik salohiyatiga egaligini ko‘rsatdi. Tadbir doirasida tuman ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh fidoyi insonlar maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Bu e’tirof ularning mehnati yurt taraqqiyotiga xizmat qilishda davom etishiga motivatsiya bo‘lib xizmat qildi. Festivalning yana bir e’tiborga molik voqeasi – ekologiyani yaxshilash va yoshlar uchun qulay dam olish maskani yaratish maqsadida 1 gektar maydonda “Yoshlar bog‘i” barpo etildi. Ko‘chat ekish jarayonida yoshlar, o‘qituvchilar, tadbirkorlar hamda tadbir mehmonlari faol ishtirok oldi. Ilk bor o‘tkazilayotgan bo‘lishiga qaramay, “Toyloq asalarichilik festivali – 2025” butun respublika miqyosida katta e’tibor qozondi. Tashkilotchilik darajasi, boy dastur va keng ko‘lamli ishtirok festivalga yuqori baho berilishiga sabab bo‘ldi. Tadbir yakunida festivalni har yili an’anaviy ravishda o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Toyloqda boshlangan bu yangi an’ana kelgusida nafaqat asalarichilikni, balki turizm, tadbirkorlik va madaniy hayotni rivojlantirishga ham sezilarli hissa qo‘shishi shubhasiz.

Teglar
- -