TO‘YLAR HAQIDA O‘YLAR
Munosabat
To‘y-ma’rakalar xalqimizning eng ulug‘, muqaddas urf-odatlaridan biri bo‘lib, shu urf-odatlarimizni amalga oshirish uchun uning qurboniga aylanib, umr bo‘yi mehnat qilamiz va yig‘inamiz. Ko‘p yoshlarimiz Amerika, Rossiya va boshqa davlatlarda shu “oliy maqsad” - to‘yni dabdabali qilib o‘tkazish uchun, o‘zini boshqalardan kam emasligini ko‘rsatish uchun boradi. Azob-u qiyinchiliklarga, kamsitilishlarga duchor bo‘ladi.
Rivojlangan davlatlar xalqlarining orzusi dunyoni, koinotni egallash bo‘lgan bir paytda, ko‘pchilik yoshlarimizning ota-onalari, o‘zlari o‘n yillab mehnat qilib yig‘inib, bitta to‘yga sarflab yuboradilar. Isrofgarchilikka, manmanchilikka yo‘l qo‘yadilar. Bu islom dinimizga ham davlatimiz rahbari olib borayotgan siyosatga ham to‘g‘ri kelmaydi. Xalqimizni orzu-havas qobig‘idan uyg‘otishga, ular o‘rtasida dabdabali marosimlar, ortiqcha sarf-xarajatlar jamiyatimiz rivojlanishining tanazzuli ekanligini targ‘ib qilishda barchamiz mas’uliyatni zimmamizga olib, harakat qilsakgina maqsadga erishgan bo‘lamiz.
Yaqinda, Amerika Qo‘shma Shtatlari ko‘chalarida hamyurtlarimiz tomonidan o‘tkazilgan to‘y katta shov-shuv va muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu kabi holatlar boshqa millat vakillari uchun tushunarli emas. Chunki ularning millioner va milliarderlari ham ellik, yuz kishiga to‘y berishadi. Ortiqcha sarf-xarajatga yo‘l qo‘yishmaydi. Bizda esa aksincha, manmanlik kundan-kunga avj olyapti. Bularning barchasi ilmsizlik natijasi emasmi?
Endi biz o‘z yo‘limizni, o‘zligimizni, qadriyatimizni sha’nimizni dunyoga tanitmoqdamiz. Kecha yakuniga yetgan olimpiadada yurtdoshlarimiz dunyoning 208 ta davlatlari ichida 13-o‘rinni egallashi buning dalolatidir. Dunyo O‘zbekistonda bo‘layotgan o‘zgarishlarni tan olmoqda va qoyil qolmoqda. Shu boisdan ham biz har jabhada faol, ma’naviy yetuk, bilimli, salohiyatli yoshlarni tarbiyalashimiz, xalqimizning ma’naviy saviyasini yuksaltirishimiz muhim deb o‘ylayman.
Bobokalonimiz Imom al-Buxoriy aytganlaridek: “Ilmdan boshqa najot yo‘q”!
Ziyodulla Avazov,
Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi Toyloq tuman bo'linmasi rahbari.