03-12-2025 16:41

Konstitutsiya — xalq erki va taraqqiyot mezoni


Konstitutsiya — xalq erki va taraqqiyot mezoni Toyloq tuman sudlari sudyalari tomonidan 21-sonli umumta’lim maktabida davra suhbati tashkil etildi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33 yilligi munosabati bilan yurtimizning barcha hududlarida ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar va davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. Mazkur ezgu an’analarning davomida Toyloq tumanida ham muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Toyloq tuman sudlari sudyalari tashabbusi bilan tumandagi 21-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosida o‘quvchilar va pedagoglar ishtirokida mazmunli davra suhbati tashkil etildi. Davra suhbati avvalo Konstitutsiyaning jamiyat va davlat hayotidagi o‘rni, unda xalqning irodasi, huquq va erkinliklarining kafolatlangani haqida atroflicha tushuntirishlar berish bilan boshlandi. Sudyalar o‘quvchilar bilan muloqot jarayonida Asosiy Qonunimiz har bir fuqaroning munosib hayot kechirishini ta’minlaydigan bosh mezon, davlat boshqaruvida esa huquqiy kafolatlar poydevori ekanini ta’kidlab o‘tishdi. Shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan huquqi, sud tizimidagi oshkoralik va soddalashtirish tamoyillari haqida batafsil ma’lumot berildi. Tadbir jarayonida o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan sudyalarga murojaat qildilar. Xususan, voyaga yetmaganlarning huquqlarini himoya qilish, internetdagi xatti-harakatlar uchun javobgarlik, o‘quvchilar o‘rtasida uchrab turadigan huquqbuzarliklarning oldini olish borasida qiziqarli va amaliy misollar asosida tushuntirishlar berildi. Sudyalarning ta’kidlashicha, huquqni bilgan yosh avlod jamiyatda faollik ko‘rsatadi, o‘z haq-huquqini himoya qila oladi va eng asosiysi, qonunlarga hurmat ruhida kamol topadi. Davra suhbati yakunida Konstitutsiyaning mustaqil O‘zbekiston taraqqiyotida tutgan o‘rni, unda belgilangan demokratik tamoyillar va inson manfaatlarini ustuvor qo‘yish siyosati haqida yana bir bor chuqur fikrlar bildirildi. Tadbir ishtirokchilari ota-bobolarimizdan meros bo‘lgan adolat, bag‘rikenglik va qonun ustuvorligi tamoyillarini yoshlar ongiga singdirish har birimizning muhim vazifamiz ekanini qayd etdilar. Mazkur davra suhbati o‘quvchilarda huquqiy savodxonlikni oshirish, Konstitutsiyaga hurmat ruhini mustahkamlash va kelajak avlodni ongli, mas’uliyatli fuqarolar sifatida voyaga yetkazishga xizmat qildi. Toyloq tumanida bu kabi ma’rifiy tadbirlarning davom ettirilishi yoshlarning huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirishga, jamiyatda qonun ustuvorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Teglar
- -