Jinoyat jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi
Toyloq tumanidagi O‘zbekiston mahallasida keyingi 4 oy davomida 3 ta jinoyat sodir etilgan. Shundan 2 tasi o‘g‘irlik, bittasi giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyat hisoblanadi. Mazkur qonunbuzarliklar keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi.
Toyloq tuman hokimi Bahodir Bobonazarov hamda mahalla aholisi ishtirok etgan muhokama yig‘ilishida mahallada sodir etilgan jinoyatlar tafsilotlari ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, joriy yilning 16-sentyabr kuni N.Tning yashash xonadonidan 27 million so‘m, 30-sentyabr kuni esa S.Mning yashash xonadonidan 1,5 mln so‘m mablag‘lar o‘g‘irlangan. 18-noyabr kuni esa B.Sning xonadonida IIB tomonidan olib borilgan tintuv-tergov harakatlari chog‘ida fuqaroning cho‘ntagidan giyohvandlik moddasi topilgan.
Muhokamada mazkur jinoyatning oqibatlari xususida so‘z borib, har qanday jinoyatga jazo muqarrar ekanligi uqtirildi. Ko‘pchilikning befarq va loqayd bo‘lib kun kechirishga o‘rganib qolgani keskin qoralandi.