insurez
28-06-2024 15:16

«Ilk rivojlanish markazi» e’tiborga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlaydi


 

  Toyloq tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar tomonidan Jahon banki va O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi hamkorligida tashkil etilgan Ilk rivojlanish markazi faoliyati bilan tanishish maqsadida press-tur tashkil etildi. Press-tur ishtirokchilari markazda bolajonlarning ta’lim-tarbiya olishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi. 
   O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-iyundagi  PQ-5144-sonli qaroriga asosan Toyloq pedagogika kolleji negizida Ilk rivojlanish markazi tashkil etilgan. Jahon banki bilan hamkorlikdagi «Bolalarni erta yoshdan rivojlantirishni takomillashtirish» loyihasi doirasida tashkil qilingan markaz bolalarning iqtidorini yuzaga chiqarishga va imkoniyatlarni kengaytirishda muhim ahamiyatga ega.
2021-2024 yillarda Ilk rivojlanish markazida 1900 dan ziyod bola ta’lim-tarbiya olgan, loyiha doirasida 1045 nafar ota-ona bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda markazda 921 nafar bolaning 817 nafar ota-onalari bilan hamkorlikda professional maktabgacha ta’lim xizmati ko‘rsatish orqali ularning ijtimoiylashuviga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.
  Markaz 3 ta model asosida ish faoliyatini olib bormoqda. 


   Hozirga qadar Toyloq tumanidagi alohida ta’limga jalb qilingan 92 ta oilaning jami 94 nafar bolalari maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan. Markazda o‘yin guruhlari uchun 18 ta xona ajratilgan. Ularning barchasi bolalarning ijtimoiylashuvi uchun xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, 2021-2022 o‘quv yilida 9 nafar, 2022-2023 o‘quv yilida 7 nafar alohida ta’limga ehtiyoji bor bolalar oddiy maktabda o‘zi qatori bolalar bilan bir sinfda o‘qish imkoniga ega bo‘ldi.
    Markazda 1 nafar koordinator, 4 nafar mentorlar, 36 nafar pedagoglar va 17 nafar assistentlar va 1 nafar hamshira, jami nafar 59 nafar xodim faoliyat olib bormoqda.


   Toyloq tumanida 50 ta mahalla mavjud bo‘lib, ulardan 41 ta mahalladan bolalar qamrab olingan. Eng uzoq mahallalar markazdan 45-50 km masofada joylashgan.
    Alohida ta’kidlash joizki, loyiha ko‘plab yolg‘iz onalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar va imkoniyati cheklangan oila farzandlariga hayotda ijtimoiylashuviga yordam berib, ularni psixo-ijtimoiy qo‘llab quvvatlaydi.
Bu bilan insonlarning jamiyatda o‘rinini topishga, shuningdek e’tibordan va qamrovdan qolgan bolajonlarni yoshiga mos rivojlanishiga xizmat qiladi.

Teglar
- -