Hamkorlik yo‘lga qo‘yildi
Hamkorlik yo‘lga qo‘yildi
⚡️ O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida joriy yilning 9-sentabr kuni maktabgacha va maktab ta’limi sohasidagi islohotlar ijrosi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlarni bajarish maqsadida Samarqand davlat pedagogika instituti hamda Toyloq tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur hamkorlik doirasida institutning Pedagogika fakulteti dekani M. Ashurov boshchiligidagi bir guruh professor-o‘qituvchilar tumandagi 12-, 13-, 32-, 45-, 47-, 48-, 52- va 53-umumta’lim maktablariga tashrif buyurishdi. Ular yuqori sinf o‘quvchilari bilan uchrashib, ularning dastlabki bilim darajasini aniqlash maqsadida boshlang‘ich test sinovlari va so‘rovnomalar o‘tkazildi.
Shuningdek, bitiruvchi sinf o‘quvchilariga kasb va yo‘nalish tanlash, oliy ta’lim muassasalariga kirish bo‘yicha maslahat va ko‘mak berildi.
Bundan tashqari, maktab o‘qituvchilarining malaka toifasini oshirish, o‘z ustida ishlashlari uchun imkoniyat yaratish, ularni zarur o‘quv materiallari bilan ta’minlash, shuningdek mutaxassislik fanlari bo‘yicha seminar-trening va mahorat darslarini institut professor-o‘qituvchilari ishtirokida tashkil etish masalalari kelishib olindi.
Hamkorlik doirasida tegishli yo‘l xaritasi hamda chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.
 
                        



