insurez
15-10-2025 18:11

Bayram_tabrigi


#Bayram_tabrigi

Assalomu alaykum muhtarama onaxonlar, qadrli ayollar, aziz opa-singillar!

Sizlarni 15-oktyabr — Xalqaro qishloq ayollari kuni bayrami bilan samimiy muborakbod etaman! 
Mazkur shodiyona Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2007 yilda qabul qilingan rezolyusiyasiga asosan, qishloq hududlarida yashayotgan ayollar mehnati, jasorati va jamiyat taraqqiyotiga qo‘shib kelayotgan beqiyos hissasini e’zozlash maqsadida tashkil etilgan.
Jannatmakon yurtimizda xotin-qizlarni qadrlash davlat siyosati darajasida ustuvorlik kasb etgan. Hurmatli Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida aholi farovonligini ta’minlash, oilalarni mustahmkamlash, ayollar va onalarning baxtli hayot kechirishlari va rozi bo‘lishlari uchun zarur imkoniyatlar va resurslar safarbar etilmoqda.
Natijada, bugun ayollarimizning turmush tarzi yuksalib, oilada hamda jamiyatda baxtli bo‘lib yashashlari uchun muhim omil bo‘lib xizmat qilayotgan ulug‘vor natijalarga erishilmoqda.
Shu bilan birga, xotin-qizlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, salomatligini muhofaza qilish, kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar shahar va qishloq ayollariga birdek amal qilmoqda. Eng asosiysi, hududlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari natijasida, qishloqlarimiz obod va ko‘rkam manzillarga aylanib, qishloq ayollarining farovon turmushi uchun xizmat qilmoqda.
Bugun qishloq ayollari jamiyatimizning eng mehnatkash, samimiy  va  fidoyi qatlamini tashkil etadi. Sizlar halol mehnatlaringiz bilan oilalaringizga  daromad  keltirish bilan birga, farzandlar tarbiyasida  ham  namuna  ko‘rsatayotgan farishtalarsiz. Sizlarning  cheksiz mehringiz, sabr-qanoatingiz va sadoqatlaringiz uchun jonajon Vatanimizda tinchlik, osoyishtalik va obodlik hukm surmoqda.
Qishloq ayoli - barqaror hosil, farovon turmush va sog‘lom avlod poydevori. Tongdan shomgacha tomorqa-yu dalaning mazmuni, oila davrasida mehr-oqibat manbai, mahallada tashabbuskorlik va birdamlik timsolidirsizlar.

Mehridaryo onaxonlar, aziz ayollar, hurmatli opa-singillar!
Bayramingiz muborak bo‘lsin! 

Sizlarning mashaqqatli mehnatlaringiz va matonatlaringiz - qishloq iqtisodiyoti, oila farovonligi va yurt taraqqiyotining eng ishonchli tayanchidir. Har biringizning orzu-maqsadlaringiz ro‘yobga chiqishi, xonadonlaringizda tinchlik, baraka va shodlik hukm surishi uchun barcha sa’y-harakatlarimizni safarbar etamiz.
Yangi tashabbuslar, yangi g‘oyalar va yangi zafarlar hamrohingiz bo‘lsin! Doim e’zoz va e’tiborda bo‘lib yuringizlar!
Sizlarga sihat-salomatlik, ishlaringizga yangi zafarlar, oilalaringizga fayz-u baraka va farovonlik tilayman!

Samimiy ehtirom bilan,
Toyloq tumani hokimi  Behzod Raxmatullayev.

Teglar
- -