MUROJAATNOMA
Samarqand viloyati fermerlari Kengashi Rayosati aʼzolarining fermerlarga, klasterlar va qishloq xoʼjaligi xodimlariga
MUROJААTI
Hurmatli fermerlar, mirishkor dehqonlar!
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev joriy yilning 1-2 may kunlari Xorazm viloyatida boʼlib, hududlar rivoji va aholi hayoti bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida Xorazm viloyatini qishloq xoʼjaligi tarmogʼida amalga oshirilishi zarur boʼlgan muhim vazifalar belgilab berildi. Аyniqsa, suv resurslaridan oqilona foydalanish, ekinlarni yuqori agrotexnik darajada parvarishlash, fermer xoʼjaliklarini zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Iqtisodiy imkoniyatlar — ishonchli kelajak asosi ekanligini hisobga olib, 56 ta loyiha doirasida 60 mln dollarlik investitsiyalar jalb etish, 3 ming 400 gektar yerni qayta foydalanishga kiritish, 1 ming 200 gektar mevali bogʼlar yaratish,1,6 ming km ichki ariq va 31 km kanal betonlashtirish zarurligi qayd etildi.
Suvni iqtisod qilish boʼyicha Xorazm oʼz tajribasini yaratdi. Bunda fermer va dehqonlar tomonidan 93 ming gektar yer maydonini lazerli tekislash yoʼlga qoʼyilgani, 196 ming gektar yerga esa suv tejovchi texnologiyalar oʼrnatilganligi natijasida yiliga 1 milliard kub metr suv iqtisod qilingani taʼkidlandi.
Kelgusida Аvstriyaning “Bauer” kompaniyasi bilan hamkorlikda 7,5 ming gektarda yomgʼirlab sugʼorishni joriy etish rejalashtirilmoqda.
Xorazmlik fermerlar faoliyatiga joriy etilgan lazerli tekislash, avtopilotli traktorlar, quyosh panellari — tannarxni tushirish va daromadni oshirishda muhim vositalarga aylanmoqda. Misol tariqasida, xonqalik fermer Kamoliddin Yusupov 200 kVtlik quyosh paneli oʼrnatib, yiliga 120 mln soʼm tejadi va qoʼshimcha 53 million soʼmlik elektrni tarmoq orqali sotdi.
Yuqoridagi Xorazmlik fermerlarning bunday koʼrsatkichlari Siz fermerlar tomonidan viloyatimizda bundanda koʼproq qilish imkoniyati mavjud.
Prezidentimiz qayd etganidek, yozi jazirama issiq, qishi qahraton sovuq, yerlari kuchli shoʼrlangan Xorazmda nafaqat mehnat qilish, balki bogʼ yaratish, moʼl hosil undirish – bu, ochiq aytish kerak, har kimning ham qoʼlidan kelmaydi. Shuning uchun xorazmlik dehqonlarni bir emas, ikki marta qahramon, desak hech qanday mubolagʼa boʼlmaydi, deya eʼtirof qildilar.
Fermer va dehqonlar mehnatini qadrlab, Xonqa tumanidagi “Sobirjon Yusuf” oilaviy fermer xoʼjaligi rahbari Oyimjon Otajanovaga Prezidentimiz farmoniga binoan "Oʼzbekiston Respublikasida xizmat koʼrsatgan qishloq xoʼjaligi xodimi" faxriy unvoni berildi. Bu viloyatimizdagi barcha fermer va dehqonlarga yangi kuch-gʼayrat bagʼishlab, yanada shijoat bilan ishlashga undaydi.
Bundan tashqari, Muhtaram Prezidentimizning eʼtiboridan ruhlangan fermer va dehqonlarimiz innovatsion texnologiyalarga asoslangan holda yanada samarali mehnat qilib, paxtadan 45-50 sentnerdan, gʼalladan esa 80-100 sentnerdan hosil olish orqali daromadlarini oshirish, shu bilan birga viloyatimiz aholisini arzon va sifatli qishloq xoʼjaligi mahsulotlari bilan taʼminlashni maqsad qilishgan.
Hurmatli fermerlar!
Mevali bogʼlar, hosilga toʼla dalalar, toʼkin dasturxonlar — bularning barchasi Sizlarning kundalik, fidokorona mehnatingiz samarasidir.
Biz ishonamizki, sizlar bu yil ham oʼz tajriba va zamonaviy yondashuvlarga suyangan holda yuqori natijalarga erishasiz. Sizlarni yanada shijoat bilan mehnat qilishga, Xorazm tajribasini butun mamlakatga namuna qilib koʼrsatishga chaqiramiz!
Har biringiz bilasizki, qishloq xoʼjaligidagi asosiy maqsad — yuqori hosil, past tannarx va barqaror daromadga erishish. Buning uchun davlat tomonidan keng koʼlamli shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Har yili minglab gektar yerlarda zamonaviy sugʼorish texnologiyalari (tomchilab va yomgʼirlab sugʼorish) joriy etilishi, lazerli tekislash, energiya tejaydigan texnika va quyosh panellari kabi innovatsiyalarni qoʼllash qoʼllab-quvvatlanmoqda.
Ilm, texnologiya va tajribani asosiy ish quroliga aylantirgan zamonaviy fermerimiz mineral oʼgʼitlar oʼrniga biotexnologiyalardan oqilona foydalanishga intilib, ilmiy tavsiyalar asosida hasharotlar va kasalliklarga qarshi biologik usullarni keng joriy etilmoqda. Zero, har bir yurtdoshimiz yaxshi biladi: bugungi fermer faqat yerda ishlaydigan odam emas — u agrobiznes yetakchisi, tadbirkor va mutaxassisdir. Shu boisdan har bir hududda mahalliy sharoitga mos agrotexnik tadbirlar belgilanmoqda.
Hurmatli dehqon va fermerlar!
Аyni kunlarda gʼalladan yuqori hosil kutilmoqda. Hosilga hosil qoʼshib, yuqori marralarga erishish uchun quyidagi kechiktirib boʼlmaydigan dolzarb ishlarni amalga oshirishimiz zarur:
- gʼalla hosili pishishi arafasida dala maydonlarini suv bostirmasdan peshma-pesh sharbat usulida sugʼorish ishlarini amalga oshirishimiz kerak;
- hosilni nes-nobud qilmasdan yigʼishtirib olishda oʼrim kombaynlarini mavsumga tayyorgarligini yana bir bor koʼrib chiqish zarur.
Viloyatimizda paxta ekish mavsumi muvaffaqiyatli yakunlandi. Dalalarda gʼoʼzadan toʼliq nihol undirib olindi. Eng muhimi suvning oldingi yillarga nisbatan koʼpayishi bu yilgi hosilning moʼl boʼlishi garovidir. Yuqori xirmon yaratish uchun bugun quyidagi agrotexnik tadbirlarni kechirtirmasdan amalga oshirish talab etiladi:
- tumanlarda har bir fermer kesimida agrotexnik tadbirlarni oʼtkazish boʼyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, shu asosda ishlarni aniq tashkil qilish lozim;
- gʼoʼza unib chiqqan maydonlarda gektariga 200 kg karbamid va 100 kg kaliyli mineral oʼgʼiti bilan kulьtivatsiya qilish zarur;
-gʼoʼza maydonlaridagi mavjud begona oʼtlarni tez fursatda tozalab, begona oʼtdan tozalanmagan gʼoʼza maydonlariga mineral oʼgʼit bermaslik boʼyicha fermer xoʼjalik rahbarlarini qatʼiy ogohlantirish lozim;
-suvchilarga toʼliq sharoit yaratib bergan holda, gʼoʼzani sugʼorishda suvning isrofgarchiligiga yoʼl qoʼymasdan, 1- va 2- sugʼorish ishlarini belgilangan muddatlarda yakunlash chorasini koʼrish zarur;
- rivojlanishdan orqada qolayotgan gʼoʼza maydonlarini qoʼshimcha oziqlantirib, shu qatori qoʼshimcha kulьtivatsiya, chuqur yumshatish, suspenziya sepish ishlarini hamda sugʼorishni faqat sharbat va fekal bilan oʼtkazish kerak;
- tuman ishchi guruhlari mavjud muammolarni dalaning oʼzida hal qilib, yoʼl qoʼyilgan kamchiliklar boʼyicha zudlik bilan qoʼshimcha agrotexnik tadbirlar belgilab, xar bir dalaga nazorat uchun masʼullarni biriktirishi lozim;
-birinchi navbatda agrotexnik tadbirlarni ekini sust rivojlangan maydonlarda boshlanishiga alohida eʼtibor qaratish kerak;
- OVX purkagichlari yordamida barcha fermer xoʼjaliklari suspenziya uchun ishchi eritmani asosan ertalabki va kechki salqin paytlarda sepishni, eng asosiysi gʼoʼzaning oʼsish va rivojlanishini rostlab borish maqsadida zamonaviy “PIKS” preparati bilan ishlashni tashkil qilishi lozim;
- gʼoʼzaning turli kasalliklari, hasharotlarga qarshi kurashish uchun biolaboratoriyalarni toʼla quvvat bilan ishlatish lozim. Аsosan, biomahsulotlarni dalaga ertalab soat 5:00 dan 9:00 gacha, kech soat 16:00 dan 20:00 gacha belgilangan tartibda chiqarish kerak. Har bir gektar gʼoʼza maydoniga 2 tadan feromon tutqich va 10 ta suyuqlik solingan idishlarni oʼrnatish hamda har 3 kunda suyuqlik, kley va kapsulalarni yangilab turish shart (albatta mutaxassis tavsiyasi asosida).
Hurmatli fermerlar va klaster rahbarlari!
Sizlarning fidokorona mehnatingiz natijasida aholi tabiiy, sifatli oziq-ovqat bilan taʼminlanmoqda. Qishloqlarda hayot sifati yaxshilanib, yangidan-yangi ish oʼrinlari yaratilmoqda. Eksport salohiyati ortib, yurtimiz brendini dunyo tanimoqda.
Аyni kunlarda gʼalla va paxta dalalaridagi barcha agrotexnik tadbirlarni tezkorlik bilan, aniq reja asosida amalga oshirish talab etiladi. Buning uchun suvni tejab, belgilangan muddatda sugʼorishni taʼminlash, mineral oʼgʼitlardan va yerdan oqilona foydalanish hamda oʼrim-yigʼimga sifatli tayyorgarlik koʼrishga qatʼiy bel bogʼlash, bu muddatlarni oʼtkazib yubormaslik zarur.
Har bir hududda — Аndijondan Nukusgacha, Qarshidan Navoiygacha, Samarqanddan Toshkentgacha — dehqonning zahmatini qadrlash, faoliyatini qoʼllab-quvvatlash – barchamizning umumiy burchimizdir.
Biz ishonamizki, fermerlarimiz bilim, tajriba va mehnatsevarligi bilan bu yil ham yuksak natijalarga erishadilar!
Toyloq tuman fermerlari Kengashi Rayosati