insurez
21-10-2025 08:02

21-oktabr – O‘zbek tili bayrami munosabati bilan Toyloq tumani hokimi Behzod Raxmatullayevning tuman aholisiga tabrigi


21-oktabr – O‘zbek tili bayrami munosabati bilan Toyloq tumani hokimi Behzod Raxmatullayevning tuman aholisiga tabrigi

Assalomu alaykum hurmatli yurtdoshlar, qadirli tumandoshlar, Sizlarni o‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan samimiy tabriklayman! 
Bugun 21-oktabr Jonajon Vatanimizning davlat sifatida shakllanishida muhim omil sifatida xizmat qiladigan davlat ramzlaridan biri O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun sifatida keng nishonlamoqdamiz. Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan 2020-yil 10-apreldagi “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi 615-sonli O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan “21-oktabr O‘zbek tili bayrami kuni” etib belgilanib, O‘zbek tili bayrami kunini umumxalq bayrami sifatida tumanimizda ham keng nishonlamoqdamiz.
Millatlarni millatlardan ajratib turadigan asosiy belgi ham til hisoblanadi. Millat bor ekan uning tili ham yashaydi.
Buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy aytganidek: “Har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadigan oynai hayoti til va adabiyotidir. Milliy tilni yo‘qotmoq millatning ruhini yo‘qotmoqdir” deb bejizga ta’kidlamaganlar.
1989-yil 21-oktabr...
Ushbu sana, shubhasiz, mamlakatimiz o‘tmishidagi eng qutlug‘ sanalardan biri. Zero, bu kunda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinib, mustabid tuzum hukmronligi davridayoq xalqimizning o‘ziga xos jasorati timsoliga aylangan edi va shuni alohida e’tirof etish lozimki, bu hujjat o‘z vaqtida xalqimizning Istiqlolga bo‘lgan umid-ishonchini, milliy g‘urur tuyg‘usini kuchaytirdi, Mustaqilligimizning o‘ziga xos poydevori vazifasini bajardi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Hurmatli yurtdoshlar!
Hozirgi vaqtda yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni qariyb 60 million kishini tashkil etishi uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.
Dunyo bo‘yicha 3000 dan ortiq til mavjud bo‘lib, shundan  200 ga yaqini davlat tili  maqomini olgan. Xuddi shunday, bizning o‘zbek tiliga ham davlat tili maqomining berilishi millatimiz uchun ulkan faxrdir.
Barcha bilishi lozim bo‘lgan jihat shuki, Ona tili shunchaki so‘zlashuv vositasi emas, balki Vatanga muhabbat, milliy iftixor, ajdodlarga hurmat va shuning barobarida avlodlarimizga izzat ramzi hamdir. O‘z tilini asrab-avaylagan xalq o‘zligini ham  asrab-avaylagan bo‘ladi.
Sizlarni bugungi bayram bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt-u saodat, xonadonlaringizga tinchlik-omonlik, fayzu baraka tilayman. Jannatmakon yurtimizning taraqqiyotiga va bag‘rikeng xalqimizga ko‘z tegmasin!
Milliy g‘ururimiz hisoblangan ona tilimiz mangu yashasin!

Teglar
- -