Toyloqda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot: muammolar tinglandi, yechimlar belgilandi
#Qabul
Toyloqda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot: muammolar tinglandi, yechimlar belgilandi
Bugun Toyloq tumanida hokim B. Raxmatullayev boshchiligida tadbirkorlar bilan navbatdagi sayyor qabul bo‘lib o‘tdi. Unda tumanda faoliyat yuritayotgan bir qator tadbirkorlar, sohaga mas’ul mutasaddi tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Qabul davomida tadbirkorlar o‘zlarining taklif va murojaatlari bilan chiqish qildilar. Ular orasida asosan kredit mablag‘larini olishda uchrayotgan qiyinchiliklar, yangi ish boshlayotganlar uchun yer va bino ajratish masalalari, ishlab chiqarish jarayonida yuzaga kelayotgan turli to‘siqlar, mahsulotlarni bozorlarga yetkazib berish va sotuvdagi muammolar, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imtiyoz va imkoniyatlar yaratish masalalari tilga olindi.
Hokim B. Raxmatullayev tadbirkorlarning har bir murojaatini diqqat bilan tinglab, ularni qonuniy tartibda ko‘rib chiqish hamda tezkor hal etish bo‘yicha tegishli mas’ullarga topshiriqlar berdi.
— “Tadbirkor – bu jamiyatning tayanchi. U yangi ish o‘rinlari yaratadi, iqtisodiyotni rivojlantiradi. Shu bois, biz uchun ularning muammosini eshitish va hal etish eng muhim masalalardan biridir,” — deya ta’kidladi tuman hokimi.
Qabul jarayonida ayrim murojaatlar joyida hal etildi, ayrimlari esa nazoratga olinib, belgilangan muddatlarda ijrosi ta’minlanishi belgilab olindi.
Mazkur uchrashuv Toyloqda tadbirkorlik muhitini yaxshilash, biznes subyektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ularning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishda muhim qadam bo‘ldi.