Toyloq tumanida Tadbirkorlar Maslahat Kengashining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
Toyloq tumanida Tadbirkorlar Maslahat Kengashining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
“Baxmal To‘qima” MChJda Tadbirkorlar Maslahat Kengashining 2-son uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Mazkur korxona mato ishlab chiqarish, avtomobil diskalari tayyorlash, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini quritish, saralash va qadoqlash yo‘nalishlarida faoliyat olib bormoqda.
Tadbirda Toyloq tumani hokimi Behzod Raxmatullayev, “Uzbek Leasing International AO” bosh direktori Z.Mustafayev, viloyat hokimi o‘rinbosari X.Samiyev, viloyat hokimi huzuridagi Tadbirkorlarning Jamoatchilik Maslahat Kengashi raisi, “NAVOBOD NASLLI PARRANDA” fermer xo‘jaligi asoschisi X.O‘roqov, viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi J.O‘roqov, viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i A.Vahobov hamda Iqtisodiyot va servis instituti faxriy o‘qituvchisi, iqtisod fanlari professori N. Ibragimovlar ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida mezbon korxona — “Baxmal To‘qima” MChJ rahbari Sh. Mahmudov korxonaning ishlab chiqarish salohiyati, mavjud yo‘nalishlari va amalga oshirilayotgan yangi loyihalar haqida tanishtirdi. Korxona tomonidan ayni paytda viloyat sanoati va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiluvchi qator tashabbuslar ilgari surilmoqda.
Uchrashuv davomida tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar muhokama qilindi.
“Uzbek Leasing International AO” bosh direktori Z.Mustafayev kompaniya faoliyati haqida taqdimot qildi.
“Tadbirkorlik subyektlariga kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish hamda davlat xizmatlari, kadastr va boshqa yo‘nalishlardagi muammolar va ularning yechimlari” mavzusida ochiq muhokama o‘tkazildi.
Tuman hokimi B. Raxmatullayev ushbu yo‘nalishlardagi mavjud muammolarni bartaraf etish, tadbirkorlarni har tomonlama qollab- quvvatlash bo‘yicha o`z fikr-mulohazalarini bildirdi.