Toyloq tumani hokimligi huzuridagi Tadbirkorlar Maslahat Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Toyloq tumani hokimligi huzuridagi Tadbirkorlar Maslahat Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi Tuman hokimligi huzuridagi Tadbirkorlar Maslahat Kengashining 3-son yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv “AZIYA – STEEL PROM” mas’uliyati cheklangan jamiyati hududida tashkil etildi. Yig‘ilishni tuman hokimi Behzod Raxmatullayev ochib berdi. Tadbirda “NAVOBOD NASLLI PARRANDA” fermer xo‘jaligi ta’sischisi, viloyat hokimi huzuridagi Tadbirkorlarning Jamoatchilik Maslahat Kengashi raisi Haydar O‘roqov, Iqtisod fanlari doktori, professor Nozir Ibragimov, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Musinov hamda viloyat va tuman miqyosidagi mas’ul rahbarlar, tadbirkorlar hamda ta’lim va sanoat sohasi vakillari ishtirok etdilar. Kun tartibidagi qator dolzarb mavzular muhokama qilindi. Avvalo, yig‘ilish ishtirokchilari “AZIYA – STEEL PROM” MCHJ faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Korxona rahbari T.Alimov korxonaning po‘lat quvur, quvur o‘tkazgich, profil hamda zanglamaydigan po‘lat mahsulotlari ishlab chiqarishda erishilayotgan natijalar va kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan yangi loyihalar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, tumandagi bo‘sh turgan ob’yektlardan samarali foydalanish, yangi loyihalarni joylashtirish, kadastr va qurilish sohasidagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy takliflar ilgari surildi. Politexnikumlarda tayyorlanayotgan mutaxassislar haqida taqdimot o‘tkazilib, yosh kadrlarni ishlab chiqarishga jalb etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Shu bilan birga, tumanda xususiy maktab va bog‘cha qurishni rejalashtirayotgan tadbirkorlar uchun berilayotgan imtiyozlar haqida ham ma’lumot berildi. Yog‘in-sochin mavsumi oldidan tumandagi mavjud korxonalarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari ham kun tartibidagi muhim mavzulardan biri bo‘ldi. Uchrashuvda tadbirkorlar o‘z faoliyati davomida duch kelayotgan muammolar haqida fikr bildirib, ularning yechimlari yuzasidan takliflar berishdi.



