Toyloq tumani fermerlari kengashi Rayosati a’zolarining fermerlarga MUROJAATI
DALA CHELARI, BOGʻ-TOK ORALARIGA DARAXTLAR EKING HAMDA TUTZORLAR BARPO ETIB YANGI O‘ZBEKISTONIMIZNING YASHILLIGIGA O‘Z HISSANGIZNI QO‘SHING Toyloq tumani fermerlari kengashi Rayosati a’zolarining fermerlarga MUROJAATI Qadrli yurtdoshlar! Hurmatli dehqon va fermerlar! So‘nggi yillarda mamlakatimizda ko‘kalamzorlashtirish, o‘simliklarni muhofaza qilish hamda yashil maydonlarni kengaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish – xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biri. Zero, o‘zimiz yashab turgan joyni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tufayli ko‘nglimiz shodlikka to‘ladi, turmushimiz fayzli va farovon bo‘ladi. Ayni chog‘da bog‘lar, ko‘chalar hamda yo‘l chetlarida yashnab turgan daraxtlar tevarak-atrofga ko‘rk ulashishi barobarida havo musaffoligini ta’minlab, dasturxonimizni mevalar bilan to‘ldiradi. Daraxtlarga mehr berish, ularni parvarishlash eng ezgu va xayrli amal sanaladi. Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish, atrof-muhitni toza va ozoda saqlash xalqimizning asrlar sinovidan o‘tgan milliy qadriyatidir. Zero, ajdodlarimiz oilada yangi tug‘ilgan farzandga atab yerga nihol qadagan. O‘sha daraxt bilan birga farzand ham ulg‘aygan. Demak, xalqimizning ibratli o‘tmishi o‘zimiz yashayotgan muhitda tabiatga oqilona munosabatda bo‘lib, uni asrab avaylash, kelgusi avlodlar ham yashashi uchun qulay makon barpo etishga undaydi. Muhtaram Prezidentimizning 2022-yilning oktyabr oyida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish borasida byergan ko‘rsatmalari asosan har yili “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kuz oyida 510 ming dona, bahor oyida 587 ming daraxt ekish an’anaga aylandi. Bu yil kuz oyida ham Tumanimizda barcha sohalarda 510 ming, shu jumladan Siz fermerlar hamda boshqa qishloq xo‘jaligi soha vakillari tomonidan 290 ming dona daraxtlar dala chetlari, bog‘ tok oralari hamda yangi tutzorlarda barpo etiladi. «Yashil makon» umummilliy loyiha amalga oshirilishi har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan ko‘chatlarni tanlab ularni yetishtirish uchun ko‘chatxonalar ko‘paytirilishi ayni muddaodir. O‘tgan yillar tajribasidan kelib chiqib, yurtimizda 8 noyabrdan 18 dekabrgacha ko‘chat ekish bo‘yicha “Dolzarb 40 kunlik” e’lon qilingan edi. Qayd etish kerakki, o‘tgan yili kuz va joriy yilning bahor oylarida mahallalarda, fermer va dehqonlarimiz dalalari chetlariga va aholi tomorqalarida 967 mingdan ziyod ko‘chat ekildi. Albatta, bu savobli ishlarda ko‘plab tashkilotlar, mahallalar, umuman, keng jamoatchilik qatori Siz mehnatkash dehqon va fermerlarimizning ham munosib ulushi bor. Hurmatli fermerlar! “Dolzarb 40 kunlik”da Siz ham dalangiz chetidagi bo‘sh yerlarga tut, tok va boshqa daraxt ko‘chatlari ekib “Yashil makon” umummilliy loyihasiga o‘z hissangizni qo‘shing. Buning uchun Tumanimizdagi ko‘chat yetishtiruvchilarda va aholi tomorqalarida 1 millionga yaqin tut, tok, tol, yong‘oq va boshqa daraxt nihollari mavjud. Siz ular bilan hamkorlik qilsangiz, yurtimiz yashillik olamiga o‘zingizning munosib hissangizni qo‘shgan bo‘lasiz. Mehnatkash dehqonlar! Muhtaram Prezidentimizning alohida qarorlari bilan joriy yildan boshlab paxta-g‘alladan bo‘shagan maydonlardan dehqon xo‘jaliklari uchun yer ajratilib, Sizlar shu yildan boshlab bu yerlardan daromad olishni boshladingiz. Sizlar har bir qarich yerdan unumli foydalangan holda “Bir kontur-bir mahsulot” tamoyilini amalga oshirish doirasida dala chetiga va ko‘cha boshiga tut, tok va boshqa ko‘chatlarini ekishni tashkil etishga chaqiramiz. Hurmatli fermer xo‘jaligi raislari! Bobodehqonlarga sifatli kafolatlangan tut, tok va boshqa ko‘chatlar bilan ta’minlash yuzasidan ma’lumotlar berib boring. Fermer va dehqonlarga ko‘chatlar xarid qilish bo‘yicha Kengash huzuridagi Jamg‘arma mablag‘laridan imtiyozli kreditlar berish bo‘yicha tushuntirish ishlarini tashkil qilingizlar! Mahalliy hokimliklar bilan birgalikda daraxtlarni parvarishlash, sug‘orish, zararkunandalardan himoya qilish borasida tizim yaratish bo‘yicha ishlarni tashkil etishda faol ishtirok eting; Ko‘chatlarni yetkazib berish va narx-navoning barqarorligini ta’minlash maqsadida Kengash huzuridagi “Quva tomorqa yer uchatkalarini rivojlantirish ilmiy amaliy markazi”da hamda “Yangiyo‘l markazlari”da yetishtirilgan tok, tut va boshqa mevali daraxt ko‘chatlarini fermer, dehqonlarga tizimli yetkazib berish bo‘yicha har bir tuman markazlarida ko‘chat sotish yarmarkalari va savdo rastalarini tashkil etida faol ishtirok etishga chaqiramiz. Hurmatli va aziz fermerlar hamda dehqonlar! Sizlarni hurmatli Yurtboshimizning yuksak ishonchini oqlab, mamlakatimiz ravnaqi va farovonligiga munosib hissa qo‘shish uchun “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida e’lon qilingan “Dolzarb 40 kunlik”da faol ishtirok etib tut, tok va boshqa daraxt ko‘chatlari ekishga chaqiramiz! Bu bilan siz xalqimizga xos ezgu fazilatlarga o‘zingizning munosib hissangizni qo‘shgan bo‘lasiz! Zero, nafaqat hovli va uylarimiz mana shu, mahalla, shahar va mana shu vatan ham o‘zimizniki. Uning ozodaligi va ko‘rkamligiga barchamiz mas’ulmiz. Vatanimiz obodligiga o‘z hissamizni qo‘shaylik! Toyloq tumani fermerlari kengashi Rayosati



