|

Версия сайта для слепых
20-10-2025 12:28

“Toyloq Saxovati” — serhosil zaminning saxovatli bayrami bo‘ldi


“Toyloq Saxovati” — serhosil zaminning saxovatli bayrami bo‘ldi

Samarqand viloyatining mo‘l hosilli va qadimiy dehqonchilik an'analariga boy Toyloq tumanida ilk bor “Toyloq Saxovati” — meva va sabzavotchilik festivali hamda ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi. Ushbu tadbir mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini, xususan meva-sabzavotchilik yo‘nalishini yanada rivojlantirish, innovatsion yondashuvlar va eksport salohiyatini oshirish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Toyloq tumani – Zarafshon daryosi va Darg‘on kanali oralig‘ida joylashgan, suv va tuproq jihatidan beqiyos imkoniyatlarga ega bo‘lgan o‘lka. Bu yurt qadimda ham bog‘lar va dalalari bilan mashhur bo‘lgan. Tarixiy manbalarda buyuk sarkarda Amir Temur bu hududda “Bog‘izog‘on” va “Davlatobod” kabi bog‘larni barpo etgani qayd etilgan.
Bugun ham bu an’ana munosib davom etmoqda. Tuman aholisi asrlar davomida uzumchilik, sabzavotchilik va bog‘dorchilikda boy tajriba orttirgan. Ayniqsa, tumanda yetishtiriladigan olma, uzum, sabzi, bodring, pomidor va kartoshka kabi mahsulotlar nafaqat viloyat, balki respublika bozorlarida ham yuqori talabga ega.
“Toyloq Saxovati” festivali orqali tumanda yetishtirilayotgan meva va sabzavot mahsulotlarini keng jamoatchilikka tanishtirish, dehqon va fermerlarning mashaqqatli mehnatini e’tirof etish, ilmiy yondashuv va innovatsiyalarni targ‘ib qilish, shuningdek, soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashinuvi ko‘zda tutilgan.
Toyloq tumanining umumiy yer maydoni 27 ming 816 gektarni tashkil etsa, shundan 12 ming 299 gektari qishloq xo‘jaligiga ajratilgan. 
Joriy yilda ushbu zaminlarda:
44,2 ming tonna sabzavot,
70 ming tonna kartoshka,
17,6 ming tonna meva,
52 ming tonna uzum yetishtirildi.
Bu mahsulotlarning muayyan qismi qayta ishlanib, 9 ming tonnasi eksportga yuborildi. Ayniqsa, “Siyob Shavkat Orzu”, “Akmal Toshpulatovich”, “Xudoyberdiev Ozod Shodiqulovich” fermer xo‘jaliklari, “Bag‘izog‘on” MChJ, "Agro sifat" MChJ bu borada yetakchilardan bo‘lib kelmoqda.
Festival doirasida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy konferensiyada tomchilatib sug‘orish, issiqxona xo‘jaliklari, biotexnologiyalar, hosildor navlar va raqamli monitoring tizimlari kabi zamonaviy texnologiyalar muhokama qilindi.
Shu jihatdan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning quyidagi so‘zlari dolzarb ahamiyat kasb etmoqda:
“Qishloq xo‘jaligini ilmiy asosda yo‘lga qo‘ymas ekanmiz, sohada rivojlanish bo‘lmaydi.”
Festivalda dehqonlar, bog‘bonlar va fermerlar mahsulotlarini namoyish etish bilan birga, qayta ishlovchi korxonalar, logistika xizmatlari, eksportchi tashkilotlar va o‘simliklarni himoya qilish markazlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Shuningdek, Samarqand viloyatining boshqa tumanlari — Samarqand, Urgut, Bulung‘ur, Jomboy kabi hududlarda yetishtirilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.
“Toyloq Saxovati” festivali nafaqat agroiqtisodiy ahamiyatga ega, balki xalqona qadriyatlar, mehnatsevarlik, saxovat va mehmondo‘stlik ruhini targ‘ib qiluvchi bayramlardan biri bo`ldi. 
Tadbir doirasida milliy qo‘shiqlar va folklor chiqishlari, hunarmandlar yarmarkasi, milliy taomlar ko‘rgazmasi, bolalar uchun ko‘ngilochar dasturlar tashkil etildi.
Toyloq tumani meva-sabzavotchiligi nafaqat viloyat, balki butun mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirishda muhim o‘rin egallaydi. “Toyloq Saxovati” festivali esa bu boradagi yutuqlarni namoyish etish, yangi imkoniyatlar eshigini ochish va soha mutaxassislari o‘rtasida mustahkam hamkorlik poydevorini yaratishda muhim o‘rin tutmoqda.
“Toyloq Saxovati” – serhosil yer, fidokor dehqon va saxovatli xalq timsolidir!
 

Teglar
- -