insurez
24-10-2025 14:57

Ozodalik oyligi Toyloqning yangi qiyofasini kashf etmoqda


Ozodalik oyligi Toyloqning yangi qiyofasini kashf etmoqda

Toyloq tumanida obodonlashtirish va atrof-muhitni yanada chiroyli qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar davom etmoqda. Bugun tuman rahbari hamda bir guruh tashkilot vakillari bilan birgalikda navbatdagi obodonlashtirish jarayonlari o‘rganildi, mavjud ishlar tahlil qilinib, yangi vazifalar belgilab olindi.
O`rganish davomida Birlik, Adas, Shopo‘lot, Navzandak, Yastepa hamda Xo‘jaqishloq mahallalarida olib borilayotgan bunyodkorlik va tozalash ishlari ko‘zdan kechirildi. Xususan, mahallalardagi asosiy yo‘l yoqalarida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish, daraxt ekish, gulzorlar barpo etish, yo‘l chetlarini asfaltlash bo‘yicha qilinayotgan ishlar muhokama qilindi.
Shuningdek, “Tozalik va ozodalik oyligi” doirasida aholi o‘z xonadonlarini obod va sarishta tutishga, mahallalar ko‘chalarini, yo‘l yoqalarini, ariq va zovurlarni turli chiqindilardan tozalashga keng jalb etilmoqda. Mahalla faollariga aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirish, tozalikni doimiy odatga aylantirish borasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, tuman agrofirma rahbarlariga ham bir qator muhim vazifalar yuklatildi. Jumladan, ekinlardan bo‘shagan yerlarda shudgorlash ishlarini o‘z vaqtida tashkil etish, kuzgi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish, hosildorlikni oshirish hamda yangi ekin turlarini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratilishi belgilandi.
Ushbu sa’y-harakatlar natijasida Toyloq tumani yanada chiroy ochib, zamonaviy va yashil maskanga aylanib borayotgani kuzatilmoqda. Tuman rahbari bu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettirilishini, har bir mahalla o‘ziga xos go‘zal qiyofaga ega bo‘lishi uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilishini ta’kidladi.
 

Teglar
- -