Ishchi guruh vakillari “Bog‘izog‘on” MChJ faoliyati bilan tanishdilar
Ishchi guruh vakillari “Bog‘izog‘on” MChJ faoliyati bilan tanishdilar
Toyloq tumani hokimi boshchiligida Respublika ishchi guruhi vakillari tumanning yetakchi sanoat korxonalaridan biri — “Bog‘izog‘on” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdilar.
Mazkur korxona bir yilda o‘rtacha 6 ming tonna uzumni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lib, 35 turdagi vino mahsulotlarini ishlab chiqaradi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar nafaqat mahalliy bozorga, balki Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Xitoy davlatlariga ham eksport qilinayotgani ishchi guruh a’zolariga ma’lum qilindi.
Tanishuv davomida mehmonlar uzum sharbati siqib olingach saqlash jarayonlari va texnologik liniyalar bilan yaqindan tanishdilar. Qayd etilishicha, korxonada 1000 dan ortiq vino saqlash uchun mo‘ljallangan bochkalar mavjud bo‘lib, ularning barchasi xorijiy davlatlardan olib kelingan.
Shuningdek, korxona hududida turizmni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan muzey faoliyati bilan ham tanishuv bo‘lib o‘tdi. Muzeyda vino ishlab chiqarish tarixi bilan bog‘liq turli jihozlar, qadimiy va zamonaviy vino mahsulotlari namunalari saqlanadi.
Mazkur uchrashuv davomida ishchi guruh vakillari “Bog‘izog‘on” MChJning sanoat salohiyati, mahsulot sifati hamda eksport imkoniyatlarini yuqori baholab, korxonaning yanada rivojlanishi bo‘yicha taklif va tavsiyalar berdilar.



