Toyloqda «Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi» oyligi qanday o'tdi
Ma’lumki, joriy yilning 15-martidan 15-apriliga qadar respublikamiz bo‘ylab «Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi» oyligi deb e’lon qilinib, oylik doirasida turli targ‘ibot tadbirlar, uchrashuvlar, ko‘rgazmali amaliy o‘quv-mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Bu borada Toyloq tumanida qanday ishlar amalga oshirilganligi haqida tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Ochilov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida batafsil ma’lumot berildi.
Oylik doirasida o‘tkazilgan tadbirlarda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘inlar, qolaversa, suv toshqinlari, zilzila, qor ko‘chishi kabi tabiiy ofatlar vaqtida qanday harakat qilish lozimligi bo‘yicha fuqarolarga atroflicha tushunchalar berildi. Bunda xavfsizlik choralarini ko‘rish, vaziyatni to‘g‘ri baholash va zarur harakatlarni amalga oshirish muhim ekanligi ta’kidlandi, -deydi Ulug‘bek Ochilov. - Asosiy maqsad –fuqarolarni turli tabiiy va inson tomonidan keltirilgan favqulodda vaziyatlarda qanday harakat qilish kerakligi haqida xabardor qilish va kerakli ko‘nikmalarni rivojlantirish.
Oylik davomida favqulodda vaziyatlarda amal qilinishi lozim bo‘lgan qoida va harakatlarni aks ettirgan 10 xil turdagi 5000 tadan ortiq eslatma varaqalari chiqarilib, tumandagi kollejlar, maktablar, maktabgacha ta’lim muassasalari, maxallalar, shifoxonalar, korxona va tashkilotlar hamda fuqarolar ko‘p to‘planadigan joylarga ya’ni, bozorlar hamda avtoshoxbekatlarda tarqatildi.
Tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi huzurida tegishli tashkilot va idoralar vakillaridan iborat tarkibda shtab tashkil etildi va "Favqulodda vaziyatlarni oldini olish va fuqaro muhofazasi oyligi" davomida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar viloyat va tuman komissiyasi shtabiga kiritib borilishi yo‘lga qo‘yildi.
Tuman hududidan oqib o‘tuvchi daryo, kanallar hamda aholi punktlaridagi ariqlar va irrigatsiya tizimlarining holati o‘rganildi. Mavsum davomida sel oqimlari va suv toshqinlarini tuman hududidan betalofat o‘tkazish maqsadida suv yo‘llari tozalandi.
Asosiy maqsad –fuqarolarni turli tabiiy va inson tomonidan keltirilgan favqulodda vaziyatlarda qanday harakat qilish kerakligi haqida xabardor qilish va kerakli ko‘nikmalarni rivojlantirish.