Toyloqda eng tez o‘suvchi daraxt - pavlovniya yetishtirlmoqda
Bugun Toyloq tumani hokimligi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida press-tur o‘tkazildi. Unda ishtirok etgan tuman hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod Haydarov tumanda yashil makon umumilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi va fermer xo‘jaliklari dala maydonlarida barpo etilgan bog‘larga sayohat tashkil etildi.
Xususan, “Mohir” fermer xo‘jaligi dala maydonlariga 380 tup pavlovniya, 12800 tup tut daraxtlari ekilib, parvarishlanmoqda.
-Keyingi yillarda yurtimizda ham eng tez o‘suvchi daraxt -pavlovniyaga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda, deydi fermer xo‘jaligi rahbari Mohir Usmonov. -Tanasi chinor, bo‘yi terakka qiyoslanadigan bu daraxtning har bir qismi biror sohada foyda keltiradi. U gullaganda asalarilar oilasi uchun yaxshigina asal manbai bo‘lib, xushbo‘y hidi bilan 1 oy dillarni xushnud etadi. Gulidan kosmetika sanoatida keng foydalanib, iforidan atir olinadi. Tanasi qimmatli yog‘och, qolaversa, manzarali daraxt sifatida istirohat bog‘lari va atrof-muhitni ko‘kalamzorlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Keyingi manzilimiz “Umarov Zayniddin Oripovich” fermer xo‘jaligi bo‘ldi. Joriy yilning bahor mavsumida 2 gektar yer maydoniga 4800 tup intensiv olma daraxti ko‘chatlari ekilib, parvarishlanmoqda.
-2024 yilning bahor oylarida turkiya davlatidan “pushti xonim” navli olma daraxti ko‘chatlarini olib kelib, ekdik. -deydi fermer xo‘jaligi raisi Ashraf Qo‘ziyev. -Birinchi yildayoq hosili namuna ko‘rsatdi. Besh yildan so‘ng gektaridan 25-30 tonna hosil olish mumkin. Ayni kunlarda turli zararkunandalarga qarshi kurash tadbirlarini olib boryapmiz.
Ma’lumot uchun, Toyloq tumanida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2023 yil kuz mavsumida jami 407,0 ming dona manzarali, mevali daraxt va bo‘ta ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 429,8 ming dona ko‘chatlar ekilib, belgilangan reja 105,6 foizga bajarildi.
Joriy yil bahor mavsumida 510,3 ming dona manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 538,26 ming dona daraxt ko‘chatlari ekildi. Qolaversa, tuman hokimligi hisobida bo‘lgan “Gʻo‘lba” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 0,25 gektar yer maydonida “Hokimlik bog‘i” va 4R-50 “Toyloq-Urgut” avtomobil yo‘lining 2-4 kilometri oralig‘ida yo‘l bo‘ylab joylashgan 0,25 gektarida “Yashil belbog‘” hududlari tashkil etildi.
Nigina Rahmatova,
jurnalist.