Toyloqda 1168 gektar yer maydonida suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatildi
Suv tekin emas!
Ayni paytda suv resurslari taqchilligi muammosi nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda tobora dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda. Bu esa, o‘z navbatida, sohaga ilm-fan yutuqlari va innovasion g‘oya va texnologiyalarni keng joriy etishni taqozo etayotgani ayni haqiqatdir. Xususan, Toyloq tumanida ham suv zaxiralaridan imkon qadar samarali foydalanish maqsadida zamonaviy suv tejamkor texnologiyalardan foydalanishga e’tibor qaratilmoqda.
Toyloq tumani hokimligi tomonidan fermer xo‘jaliklari dalalarida o‘tkazilgan press-turda yangi texnologiyalarning qo‘llanishi qanday natija berayotgani o‘rganildi.
- 2023 yilda tumanda 658 gektar yer maydonlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyalari joriy qilindi. Xususan, Bog‘iziog‘on agrofirmasi hududidagi “Ilg‘or agro texnologiyalar” fermer xo‘jaligi 10 gektar piyoz maydoniga tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilib, nafaqat suvni tajadi balki, har gektaridan 110-120 syentnerdan hosil yig‘ib oldi,- deydi Toyloq tumani hokimining qishloq xo‘jaligi masalalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod Haydarov. -Toyloq tumanida jami 430 gektar yer maydoniga tomchilatib, 1280 gektariga esa yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish rejalashtirgan bo‘lib, hozirgi kunda 1168 gektar yer maydonida suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatildi.
Press-tur ishtirokchilari Bog‘izog‘on agrofirmasi hududida joylashgan “Turon” fermer xo‘jaligida bo‘lib, ekin maydonlarida o‘rnatilgan tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi va texnikasi bilan tanishishdi.
Mazkur fermer xo‘jaligining 16 gektar yer maydonlariga tomchilatib, 14,4 gektariga esa yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari o‘rnatilgan. Ayni kunlarda esa bu ko‘rsatgichni yangilash maqsadida texnogiyalarni o‘rnatish ishlari davom etmoqda.
Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish, “suv-tekin” emas tushunchasidan voz kechish hamda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini kengaytirilgan tartibda joriy etishni davom ettirish maqsadida suv tejovchi texnologiyalar uchun kreditlar 14 foizda 5 yilga garov ta’minotisiz ajratilishi biz fermerlar uchun ayni muddao bo‘ldi. Ushbu imkoniyatdan foydalanib, 570 mln. so‘m kredit olib, 30,4 gektar yer maydoniga suv tejovchi texgnologiyalarni o‘rnatdik, -deydi “Turon” fermer xo‘jaligi raisi Isrofil Turonov.