insurez
28-06-2024 16:19

Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini kasbiy rivojlantirishning vertikal tizimi yo‘lga qo‘yiladi


   “Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Qarori (PQ-231-son, 21.06.2024 y.) qabul qilindi.
   Qarorga ko‘ra, Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot instituti negizida A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti (Institut) hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda pedagogik mahorat markazlari tashkil etiladi.
   Toshkent shahar pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazi hamda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti tasarrufidagi Respublika pedagogik ta’lim resurs markazi faoliyati ularni Institutga qo‘shish orqali tugatiladi.
   Institut tuzilmasida Xalqaro tadqiqotlar markazi tashkil etiladi.
   Shuningdek, 2024/2025 o‘quv yilidan maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari rahbar, pedagog va mutaxassis kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishning yaxlit tizimi joriy qilinadi. 


 Bunda:  
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bo‘ysunuviga o‘tkaziladi;
maktabgacha ta’lim tashkilotlarining pedagog va mutaxassis kadrlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish bo‘yicha “Virtual kasbiy rivojlantirish” elektron dasturi joriy etiladi.
 Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini kasbiy rivojlantirishning quyidagi tartibi joriy etiladi, jumladan:
maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini kasbiy ehtiyojlari va malaka toifasidan kelib chiqib tabaqalashgan ta’lim dasturlari asosida uzluksiz kasbiy rivojlantirishning vertikal tizimi (vazirlik – malaka oshirish muassasasi – ta’lim tashkiloti) yo‘lga qo‘yiladi;
maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlarining xodimlari uchun 5 yilda bir marotaba ishdan ajralgan holda o‘tkaziladigan malaka oshirish kurslari joriy qilinadi. 
   2025 yil 1 yanvardan pedagog va mutaxassis kadrlar kasbiy rivojlanishining uzluksizligini ta’minlash maqsadida barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida malaka oshirishning “Kasbiy rivojlanish soati”, tayanch umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida esa, shuningdek, “Kasbiy rivojlanish kuni” kabi shakllari bosqichma-bosqich joriy etiladi. 
    2024 yil 1 iyuldan maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarining xorijda malaka oshirish kurslarida o‘qiganligi yoki stajirovkadan o‘tganligi haqidagi hujjatlari (diplom, sertifikat, guvohnoma va boshqalar) milliy uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimida malaka oshirganlik to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadi.
   2025 yil 1 yanvargacha Institut va Hududiy markazlarga kamida bir nafardan nufuzli xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarini bitirgan chet ellik mutaxassislar jalb qilinadi. 

   Shu va shu kabi qonunchilikdagi yangiliklar, hukumat tomonidan qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini keng ommaga sodda va tushunarli tilda yetkazish, aholi va tashkilotlar xodimlarining huquqiy ongini yuksaltirish maqsadida Toyloq tuman adliya bo‘limi tomonidan targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda. 

Elbek Davronov,
Toyloq tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i

Teglar
- -