insurez
23-07-2024 15:45

Boli borning iqboli bor


Press-tur

   Xalqimiz, asalarini yetti xazinaning biri, deb hisoblaydi. Haqiqatan ham shunday. Bu mitti hasharotning foydasi juda katta. Asalari zahri, suti, propolisi, gulchangi ko‘pgina xastaliklarga davodir. Ushbu noyob mahsulotning foydali jihatlarini nafaqat xalq tabobati, balki ilmiy tibbiyot ham tasdiqlaydi.Bundan tashqari asalarining bol to‘plashi ikki taraflama foydali jarayon: ham asal yig‘adi, ham daraxt gullarining o‘simliklarning changlanishiga yordam beradi. Mashhur olim Albert Eynshteyn shunday yozgan edi: «Asalarilar bo‘lmasa — o‘simliklar changlatilmasa — yegulik bo‘lmasa — odam ham bo‘lmaydi».
   Xo‘sh, biz sevib iste’mol qiladigan bu shirinlik aslida qayerda va qanday yetishtiriladi? Asalarilar qayerdan olib kelinadi? Ular bir mavsumda qancha asal yig‘adi? Shu va shu kabi ko‘plab qiziqarli savollarimizgi Toyloq tumanidagi "Orzu-Olim-Dilmurod asallari" asalarichilik,  naslchilik fermer xo‘jaligida o‘tkazilgan press-tur davomida batafsil javob oldik.


   Fermer xo‘jalik 2009-yilda tashkil topilgan bo‘lib,  ayni kunda 10 mingdan ortiq, ya’ni 500 ta asalari oilasi boqilmoqda.  Bu yerda asal va asal mahsulotlari yetishtirish bilan birga, asalari nasllari yaratiladi.  Fermer asalari havosi bilan davolash xonasi (apidomik) tashkil etgan bo‘lib, bu yerda astma, nafas yo‘li, asab kabi ko‘plab kasalliklarni davolash mumkin. 
   -Germaniya davlatidan naslli asalari olib kelib, ularni ko‘paytiraman, qolaversa, asalarichilikka qiziquvchilarga tarqataman, - deydi “Do‘stlik” ordeni sohibi Orif Ilyosof. -Bu kasb ham qiziqarli ham serdaromad soha. Asal mahsulotlari esa ming dardga davo. -Asalari oilasining asal berish miqdori va sifati turli omillarga bog‘liq, deya so‘zini davom ettirdi fermer. - Umuman bitta asalari oilasi uy sharoitida o‘rtacha 15–20 kg. gacha asal bera oladi. Agar asalari oilasi to‘g‘ri parvarishlansa, undan ham ko‘p asal olish mumkin. Bular albatta, ularni serasal o‘simliklar joylashgan joyga ko‘chirib turishga va asalari zotiga bog‘liqdir. Asalarining normal oilasi 50–80 ming ishchi asalari, yuzlarcha erkak asalari va bitta ona asalaridan tashkil topadi.


   -Uy sharoitida ham asalari oilasini boqish mumkinmi?
  -Albatta bo‘ladi. Uy sharoitida 10 tagacha asalari oilasini boqish bemalol o‘zini oqlaydi.  Agar hovlingizda yetarli sharoit bo‘lsa va asalaridan allergiyangiz bo‘lmasa hech ikkilanmay, bu ishni boshlayverishingiz mumkin. Buning uchun eng avvalo yaxshi asalari zotlarini tanlab, xarid qiling. Uni boqish va ko‘paytirishda o‘zim sizga ko‘makchi bo‘laman. 
   Asalarichilik oson ish emas, shuning uchun asalarichilar sog‘lom bo‘lishi kerak. Bu faoliyat ari zahriga allergiyasi bo‘lgan odamlar uchun to‘g‘ri kelmaydi, chunki bir chaqishning o‘zi allergiyasi bor odamning hayotiga katta xavf tug‘diradi.


   «Boli borning iqboli bor», deganlaridek, tumanimizda   el dasturxonini toza asal bilan ziynatlashdek ezgu ishga astoydil bel bog‘lagan, bundan o‘zi ham bahramand bo‘layotgan   dongdor asalchi Orif aka Ilyosov hamda   uning  farzandlari — Orzu, Olim, Dilmurod, Nodira  kabi shijoatli tadbirkorlarning safi kengayib borayotganligi quvonarlidir. Ular orasida yoshlarning ko‘pchilikni tashkil etayotganligi  ham diqqatga sazovor. Bu  esa qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan  keng ko‘lamli  islohotlarning tumanimizdagi  samarasidan dalolatdir.
 

Nigina RAXMATOVA.

Teglar
- -