insurez
31-05-2024 15:23

Bola tanlovi - ta’lim sifatining muhim omili


 

 Toyloq tumani hokimligi tomonidan  “Davlat hamda oilaviy  maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim sifati va yozgi sog‘lomlashtirish mavsumiga tayyorgarlik” mavzusida press-tur tashkil etildi.
   Tadbirda Toyloq tumani hokimining o‘rinbosari Jahongir Haqberdiyev, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri O‘lmas Usmonov hamda  mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
   Press-tur avvalida tumandagi 25-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bolajonlarning sifatli ta’lim-tarbiya olishlari uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlarbilan tanishishdi. 


    Mazkur maktabgacha ta’lim tashkiloti 2019-yilda “Obod qishloq” davlat dasturi asosida rekonstruksiya qilingan bo‘lib, 100 o‘ringa mo‘ljallangan.  Bolajonlarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun barcha imkoniyatlar, shart-sharoitlar yaratilgan. 
   Tashkilotimizda 5 ta asosiy va 2 ta qisqa guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, -deydi tashkilo mudirasi Sabohat Ahrorova. - Yozgi sog‘lomlashtirish mavsumida  210 nafar bolajonlarni qamrab olish rejalashtirilgan. Tashkilotda tarbiyalanuvchilar “Ilk qadam” davlat dasturi asosida ta'lim-tarbiya olmoqda. Qolaversa, raqs,  rus va ingliz tili , rassomchilik to‘garaklari  faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. 


    Tarbiyalanuvchilar o‘z qiziqishiga qarab asosiy 5 ta markazga bo‘lingan holda, mashg‘ulotlar  qunt bilan o‘rgatilayotgani samarasida ta’lim sifati sezilarli darajada ortdi, – deydi 25-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti metodisti Nilufar Halilova. – Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – bolalarning xohish istagiga qarab o‘z yo‘nalishini topishga ko‘mak berish. Ana shundagina ta’lim sifati ortadi, bola o‘zida qiziqish bor yo‘nalishni bemalol o‘zlashtira oladi.Qolaversa, bolajonlarimiz sog'lom ovqatlanish ratsioni asosida yagona menyu bo‘yicha ovqatlantiriladi.

   Press-turning navbatdagi manzili Baxshitepa mahllasida tashkil etilgan “Kamalak” oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘ldi. Yakka tartibdagi tadbirkor Difuza Jumayeva tomonidan ochilgan 50 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur maskan press-tur ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Sababi bu yerda yaratilgan shart-sharoit, qolaversa, bolajonlarning rus va ingliz tilida biyron gapirishi, taekvando, raqs to‘garaklarida faol ishtirok etayotgani kishini havasini keltiradi. 


Ta’lim tashkilotimizda har bir bola bilan individual ishlash imkoniyati yaratilgan. Ularga nafaqat ta’lim-tarbiya beramiz, balki, jismonan sog‘lom bo‘lishlariga ham alohida e’tibor qaratamiz. Sport to‘garaklaridan tashqari mutaxassis shifokorlar tomonidan massaj muolajasi qilinadi, - deydi tadbirkor Dilfuza Jumayeva. 


   Ma’lumot o‘rnida, Toyloq tumanida 3-7 yoshli bolalar 19385 nafarni tashkil qilib, 14969 nafari 217 ta ya’ni 45 ta davlat, 6 ta DXSH, 2 ta nodavlat, 163 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti va 1 ta Ilk rivojlantirish markaziga qamrab olingan.

Nigina Rahmatova,
tuman hokimligi axborot xizmati rahbari.

Teglar
- -