insurez
19-07-2024 17:47

Toyloqda xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlari kengaymoqda


 

  Bugun Toyloq tumani oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan tumanda xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, kasab-hunarga o‘qitish va bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida  press-tur o‘tkazildi.

    Media-tadbir tumanning Muborak mahallasi misolida o‘tkazildi. Dastlabki manzilimiz ushbu mahallada yashovchi Mavluda Ahmedova xonadoni bo‘ldi. Qahramonimiz 2022 yilda 16 mln 800 so‘m  kredit olib, 2 sotixli tomorqasidan millionlab daromad topayotgan ayollardan. Mavluda opa bir yilda 2-3 marta ekin ekib, hosilini bozorga sotib, oilasiga qo‘shimcha daromad kiritmoqda. 
-Issiqxonaga fevral oyida pomidor ko‘chat ekib, parvarishlaymiz, -deydi qahramonimiz. -”Ilik uzildi” pallada hosil pishib yetiladi. Bu vaqtda bozorlarda pomidorning narxi ancha baland bo‘ladi. Avgust-sentyabr oylarida bodring ekib, hosil olamiz.

  Abdullayeva Feruzabonu ham mahallaning faol tadbirkor ayollaridan. U  xonadonidan oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotini ochib, 2 ta ish o‘rni yaratdi. Hozirda 25 nafar bolajonlarga ta’lim tarbiya berib, ko‘pning duosini olmoqda. 
   Mahallamizda 4364 nafar aholi istiqomat qiladi, shundan 2261 nafar xotin-qizlarni tashkil etadi. Ishsiz ayollar soni 22 ta.  “Ayollar daftari”ga 95 nafar xotin-qizlar kiritilib, ko‘mak berilmoqda, -deydi mahalla xotin-qizlar faoli Uzoqova Hilola. - Joriy yilda 13 nafar xotin-qizlar kredit olib, oilaviy tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda.  1 nafar ayolga subsidiyaga issiqxona qurib berilgan bo‘lsa, 1 nafariga tikuv mashinasi subsidiyaga berildi. 4 nafari doimiy ishga joylashtirildi. Qolgan 11 nafari pillachilikka band qilindi. 12 nafariga moddiy yordam berildi. 1 nafariga operatsiya uchun pul o‘tkazib berildi.
   Xulosa qilib aytganda Muborak mahallasi xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlari yildan yilga kengayib, jamiyatdagi faolligi ortib bormoqda.

Teglar
- -