Toyloq tumanining 2026–2030 yillar uchun uzoq muddatli rivojlanish dasturi muhokama qilindi
Toyloq tumanining 2026–2030 yillar uchun uzoq muddatli rivojlanish dasturi muhokama qilindi
Toyloq tumanida 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan uzoq muddatli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturini ishlab chiqish bo‘yicha muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur yig‘ilishda Toyloq tumani hokimi Behzod Raxmatullayev, Iqtisodiyot va servis instituti faxriy o‘qituvchisi, iqtisodiyot sohasi mutaxassisi Nozir Aliyev, tuman hokimining soha o‘rinbosarlari hamda tegishli tashkilot va muassasalar rahbarlari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda tumanning mavjud holati, sohalar kesimidagi asosiy muammolar, imkoniyatlar va ustuvor yo‘nalishlar tahlil qilindi. Ishtirokchilar tomonidan 2026–2030 yillar oralig‘ida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan yirik infratuzilma loyihalari, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish, qurilish, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida erishilishi lozim bo‘lgan natijalar yuzasidan takliflar bildirildi.
Iqtisodiyot va servis instituti faxriy o‘qituvchisi Nozir Aliyev o‘z chiqishida tuman iqtisodiyotini raqamli transformatsiya qilish, mahalliy resurslardan oqilona foydalanish, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, shuningdek, aholi bandligini oshirish borasida o‘z takliflarini ilgari surdi.
Tuman hokimi Behzod Raxmatullayev yig‘ilish davomida bildirilgan barcha taklif va mulohazalar kelgusida ishlab chiqiladigan strategik dasturga asos qilib olinishi, mazkur hujjat har bir soha bo‘yicha aniq maqsad va vazifalarni belgilab berishini ta’kidlab o‘tdi.
Muhokama yakunida barcha takliflar umumlashtirilib, ularni tizimli ravishda dasturga kiritish va kelgusida jamoatchilik muhokamasiga taqdim etish rejalashtirildi.