27-11-2025 19:28

Toyloq tumanida ilk bor murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi


Toyloq tumanida ilk bor murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi Toyloq tibbiyot birlashmasi tarixida muhim voqea — yuqori texnologiyalarga asoslangan laparoskopik nefrektomiya amaliyoti ilk bor muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Ushbu yuqori darajadagi jarrohlik amaliyoti 1983-yilda tug‘ilgan, Jumabozor mahallasida yashovchi bemor O. Do‘stovga bajarildi. Jarrohlik jarayoni zamonaviy texnologiyalar, puxta reja va tajribali mutaxassislarning birgalikdagi sa’y-harakati bilan ado etildi. Amaliyotdan so‘ng bemorning ahvoli qoniqarli va barqaror ekani qayd etildi. Tuman miqyosida ilk bor o‘tkazilgan ushbu murakkab operatsiya mahalliy sog‘liqni saqlash tizimining imkoniyatlari kengayib borayotganidan dalolat beradi. Ayniqsa, bu kabi yuqori texnologik amaliyotlarning o‘z hududimizda bajarilishi bemorlar uchun katta qulaylik yaratadi, ularni uzoq masofalarga borib davolanish zaruratidan xalos etadi. Mazkur muvaffaqiyat ortida turgan mohir shifokorlar — A. Mavlonov va S. Abulsaidovning fidokorona mehnati alohida e’tirofga loyiq. Tibbiyot birlashmasi ma’muriyati ham jarrohlarning professional xizmatini yuksak qadrlab, ularga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Toyloq tumanida ilk bor amalga oshirilgan ushbu jarrohlik amaliyoti mahalliy tibbiyotning yangi bosqichga ko‘tarilganini, bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati yuksalib borayotganini yana bir bor tasdiqladi.

Teglar
- -