Toyloq tumani aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 84,3% ni tashkil etadi
Bu haqida bugun Toyloq tumani hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sardor Eraliyev ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytildi.
-Toyloq tumanida 221 ming nafar aholi mavjud bo‘lib, mazkur aholi 50 ta mahalla va 100 ta qishloqlarda istiqomat qiladi. Tuman aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, zamonaviy yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlarini barpo etish maqsadida joriy yilda jami 119,8 km, shundan 39,5 km asfalt va 74,6 km shag‘al yo‘llar ta’mirlash, 8 ta yangi TP o‘rnatish, 21,7 km elektr tarmog‘i tortish, 5 ta ichimlik suvi inshooti qurish va 31,0 km suv tarmog‘i tortish, 3,5 km piyodalar yo‘lagi, 150 ta tungi yoritgich qurish ishlari olib borildi, - deydi Sardor Eraliyev.
“Samarqand suv ta’minoti” MCHJ Toyloq filialida 139 dona suv inshooti, 10618 ta xonadon (shundan 4513 ta hisoblagich) va 118 ta ulgurji iste’molchilar mavjud. Suv tarmoqlari uzunligi 499 kmdan iborat.
2024 yilda Yangi hayot, Birlik mahallalarida 2 ta yangi suv inshootlari qurildi, Tepaqishloq, Uray Elipok, Talliota mahallalarida 5 ta mavjud suv inshootlari rekonstruksiya qilindi va 31 km yangi suv tarmog‘i tortildi hamda 20 ta suv inshootlarining nasoslari almashtirildi.