TOYLOQ TUMAN HOKIMI BAHODIR BOBONAZAROVNING TUMAN AHOLISIGA BAYRAM TABRIGI
Hurmatli toyloqliklar!
Avvalo, sizlarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun bilan samimiy muborakbod etaman. Ertangi farovon hayotimiz ishonchli kafolati bo‘lgan bosh Qomusimizning ushbu bayrami yurtimizga, elimizga tinchlik-omonlik, shodlik va farovonlik olib kelsin!
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi ijtimoiy taraqqiyotning mustahkam tayanchi va huquqiy kafolati, Vatanimiz mustaqilligining yorqin ramzidir. Ushbu hujjatning qabul qilinishi mamlakat suverenitetining muhim bosqichlaridan biriga aylandi. Asosiy qonun inson huquqlari va erkinliklari, jamiyatdagi tinchlik va totuvlikni ta’minlash, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishga asos yaratdi.
“Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir” degan konstitutsiyaviy norma asosida mamlakatimizda xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qiladigan, Konstitutsiya va qonun ustun bo‘lgan samarali va barqaror tizim shakllanmoqda.
Ana shunday konstitutsiyaviy poydevorga asoslangan ushbu tizim dunyo shiddat bilan o‘zgarib borayotgan hozirgi murakkab vaziyatda turli tahdid va sinovlarda, tabiiy va texnogen ofatlarning oqibatlarini bartaraf etishda o‘zini to‘la oqladi.
Albatta, bu bayram ijtimoiy-siyosiy hayotimizda, mamlakatimiz rivojida alohida ma’no-mazmunga ega. Bu, avvalo, 2023-yil 30 aprelda milliy tariximizda birinchi marta umumxalq referendumi asosida Konstitutsiyamiz yangi tahrirda qabul qilingani bilan bog‘liq, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Hech shubhasiz, tom ma’noda xalqchil qomus bo‘lgan Asosiy qonunimiz Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarimiz ortga qaytmasligining mustahkam huquqiy kafolati bo‘lib xizmat qiladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda O‘zbekistonning besh ustuni, ya’ni suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani qat’iy belgilab qo‘yildi, uning mazmuni tubdan takomillashtirilib, yangi bob va moddalar bilan boyitildi.
Hurmatli tumandoshlar!
Sizni davlatimiz bayrami – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi bilan tabriklayman! Ushbu qutlug‘ kunda Sizlarga sog‘liq-salomatlik, baxt va omad tilayman. Yurtimizning har bir go‘shasida tinchlik-xotirjamlik, farovonlik, ahillik va hamjihatlik hukmronlik qilsin. Qalblarimizni Vatan tuyg‘usi hech qachon tark etmasin, davlatchiligimizni yanada rivojlantirish va har bir oilaning farovonligini qaror toptirish borasidagi say’-harakatlarimiz salmoqli bo‘lsin!