Tibbiyot sohasini moliyalashtirish hajmi oshmoqda
Press-tur
Xalq salomatligi va sog‘lom millat genofondi har bir davlatning muhim boyligi sanaladi. Shu bois, mamlakatimizda aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilishga davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishi sifatida e’tibor qaratib kelinmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda yurtimizda sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash, malakali tibbiy kadrlar salohiyatini oshirish, sohaga yangi boshqaruv usullarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar yangicha mazmun kasb etyapti.
Qolaversa, sohani moliyalashtirish hajmi bir necha barobarga oshirilganligini kundalik hayotimizda ko‘rib guvohi bo‘lmoqdamiz.Xo‘sh bu borada Toyloq tumanida qanday islohotlar olib borilmoqda. Aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish ahvoli qanday?
Bugun tuman hokimining o‘rinbosari Jahongir Haqberdiyev tomonidan tashkil etilgan press-tur davomida yuqoridagi savollarga javob izladik.
Toyloq tumani markaziy poliknikasi va mahallalardagi filiallari jami 62.400 nafar aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda, -deydi shifoxona rahbari Ibrohim O‘rinov. - Poliklinikamiz 2023-yilda “Open byudjet” loyihasi asosida ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi. Muassasamizda zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlangan. Fertel yoshidagi ayollar uchun “Ayollar maslahotxonasi”, “O‘smir qizlar ko‘rigi xonasi”, “Sil kasalliklari dispanseri” va bolalar poliklinikasi tashkil qilingan bo‘lib, bu yerda malakalli mutaxassislar faoliyat olib bormoqda.
-Kasallikni davolashdan ko‘ra uni oldini olgan yaxshi, -deydi ko‘z kasalliklari shifokori Ulug‘bek Rahimov. - Tajribamdan shu narsa ayonki yildan yilga ko‘z kasalliklari bilan og‘rigan bemorlar soni ortib bormoqda. Ayniqsa yosh bolalardagi uzoqni ko‘ra olmaslik holatlari ko‘p uchrayapti. Buning sababini hammamiz yaxshi bilamiz. Smartfon, planshet, komyuter, televizor kabi ko‘z nuriga salbiy ta’sir qiluvchi vositalardan nafaqat bolalarni balki kattalarni ham asrash kerakligini bilishsa-da bunga amal qilishmaydi.
Mamlakatimizni rivojlantirishning “O‘zbekiston – 2030» strategiyasida tibbiyot muassasalarini raqamlashtirishni 100 foizga yetkazish g‘oyasi ilgari surilganida chuqur ma’no bor. Zero, dunyo shiddat bilan o‘zgarayotgan hozirgi paytda raqamli texnologiyalardan keng foydalanish sog‘liqni saqlash tizimini yuksaltirishning asosiy omillaridan biriga aylandi.
Mazkur poliklinika ham raqamlashtirilgan bo‘lib, id.medhub.uz elektron dasturi asosida faoliyat yuritmoqda. Bemorlarni ro‘yxatga olish, navbat asosida mutaxassis ko‘rigiga yo‘naltirish kabilar elektron tarzda amalga oshirilmoqda. Sohani raqamlashtirish natijasida aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish orqali aholi vakillarini uzoq masofa bosib, tuman yoki viloyat markaziga bormay, shu yerning o‘zida kasallik yuzasidan tashhis natijalarini olish imkoniyati yaratilmoqda.