29-11-2025 16:35

Qo‘shchinor mahallasini rivojlantirishdagi namunaviy ishlar o‘rganildi


Qo‘shchinor mahallasini rivojlantirishdagi namunaviy ishlar o‘rganildi Toyloq tumani hokimi Behzod Rahmatullayevning topshirig‘iga asosan, mahallalarda namunaviy faoliyat ko‘rsatayotgan va tizimli ish tashkil qilgan hokim yordamchilari tajribasini o‘rganib, uni boshqa mahallalarga joriy etish maqsadida seminar o‘tkazildi. Hokim o‘rinbosari Adham Sharipov boshchiligida tumanning barcha hokim yordamchilari ishtirokida Qo‘shchinor mahallasida hokim yordamchisi Mehroj Ochilov faoliyati bilan tanishish maqsadida amaliy seminar tashkil etildi. Seminar doirasida aholini bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va kambag‘allikka qarshi kurashishda mahalla hokim yordamchisining olib borayotgan ishlari o‘rganildi. Jumladan, mahalla hududida amalga oshirilayotgan bir qator mikroloyihalar bilan tanishildi. Xususan, seminar ishtirokchilari Mohir Gadoyevning chorvachilik loyihasi chorvachilik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, loyiha doirasida yaratilgan ish o‘rinlari bilan tanishishdi. Bundan tashqari, mahalladagi yirik fermer xo‘jaligi "Akmal Toshulatovich" ko‘p tarmoqli fermer xo'jaligida zotli chorvachilik, kooperatsiya, muzlatgich va sutni qayta ishlash yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi. Xo‘jalikda 74 ta ish o‘rni mavjud bo‘lib, ularning 12 nafari kambag‘al oilalar a’zolaridir. Mahalladagi mikroloyihalardan biri “To‘raqulbobo” oilaviy korxonasi bo‘lib, korxona 2025-yil may oyida fuqaro T.Imomov tomonidan tashkil etilgan savdo markazi bilan tanishildi. Kambag‘allik reyestriga kiritilgan fuqaro Jamila Yazdonovaga ajratilgan 32 mln imtiyozli kredit asosida ishga tushgan mikroloyiha 2 ta ish o‘rini yaratilishiga zamin bo‘ldi. Natijada fuqaroning o‘zi ish bilan band bo‘lish bilan birga yangi ish o‘rni yaratdi. Seminar davomida Qo‘shchinor mahallasida yo‘lga qo‘yilgan bu kabi samarali ishlar, aholi bandligini ta’minlashdagi yutuqlar va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash tajribasi boshqa mahallalarga tatbiq etish uchun namuna sifatida taqdim etildi. Mahalla hokim yordamchisining tizimli ish olib borishi qisqa vaqt ichida yuzlab fuqarolarning daromad manbaiga ega bo‘lishiga zamin yaratgani ta’kidlandi.

Teglar
- -