insurez
10-12-2024 11:26

Ob-havo keskin sovigan kunlarda aholini uzluksiz energiya resurslari bilan taʼminlash maqsadida zarur choralar ko‘rilmoqda


    Soʻnggi kunlarda respublika hududiga sovuq havo oqimi kirib kelishi natijasida energiya resurslariga boʻlgan talab sezilarli darajada oshib bormoqda. Bugungi kunda aholining tabiiy gaz kunlik isteʼmoli oʻtgan haftadagiga nisbatan 20 foiz, elektr energiyasi isteʼmoli esa 15 foiz ortgan.

  Bunday vaziyatda tizim korxonalari tomonidan elektr va gaz uzatish tarmoqlaridagi ishlarni tezkor hamda sifatli tashkil qilish, isteʼmolchilarni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash maqsadida tizimda doimiy ravishda zarur choralar koʻrib borilmoqda.

  Sovuq kunlarda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan nosozliklarni bartaraf etish uchun elektr va gaz taʼminoti korxonalarida tun-u kun faoliyat yuritadigan 7 ta maxsus brigadalar tashkil etildi,  ular kerakli avtotransport vositalari va zaxira qurilmalari bilan toʻliq taʼminlandi.

   Maʼlumot uchun: elektr taʼminoti korxonalariga 2 ta avtotransport hamda 1 ta maxsus texnika, gaz taʼminotiga – 2 ta avtotransport va 5 ta maxsus texnika biriktirilib, 2 ta payvandlash apparati bilan taʼminlangan.

   Aholi hamda ijtimoiy soha obyektlariga energiya resurslarini barqaror yetkazib berish boʻyicha soha obyektlarida 24 soatlik ish rejimiga oʻtilgan va doimiy nazorat oʻrnatilgan. Sodir boʻlgan avariyaviy holatlarni zudlik bilan bartaraf etish choralari koʻrilib, avariyani bartaraf etishning oʻrtacha vaqti oʻtgan yildagi 3-3,5 soatdan joriy yilda 1-1,5 soatgacha qisqartirildi.

   Shuningdek, oldingi yillarda generatsiya quvvati tanqisligi tufayli majburiy cheklovlar kiritilgan boʻlsa, yangi ishga tushirilgan quvvatlar hisobiga joriy yilda cheklovlar kiritilishi bartaraf etildi.

  Havo haroratining keskin pasayishi natijasida isteʼmolchilarning tabiiy gazga boʻlgan talabi keskin oshib, respublika gaz transport tizimi obyektlari maksimal quvvatlarda ishlashiga, shu jumladan, gazni yer osti saqlash omborlaridan rejalashtirilgan maksimal kunlik gaz olinishiga va tarmoqqa uzatilishiga qaramay, quvurlarda gaz bosimining pasayishi kuzatilmoqda.

  Birinchi navbatda aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha obyektlarini (tibbiyot, maktab, maktabgacha taʼlim, oliy taʼlim muassasalari va boshqalar) tabiiy gaz bilan taʼminlash ustuvor vazifamiz ekanligini inobatga olib, hududlardagi mahalliy hokimliklar bilan birgalikda ishlab chiqilgan reja-grafiklarga muvofiq, isteʼmol yuqori boʻlgan ayrim hududlardagi avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga qisqa muddatli cheklov kiritilishi rejalashtirilmoqda.

  Bu boʻyicha viloyatlar va tumanlar hokimliklari rasmiy axborot manbalarida tegishli tartibda maʼlumot berib borilishi yoʻlga qoʻyiladi.

  Shuningdek, yurtdoshlarimiz aholiga yonilgʻi quyish, gaz toʻldirish hamda elektr quvvatlash shoxobchalari haqida onlayn maʼlumot berib borish maqsadida ishlab chiqilgan “Avto24” ilovasi yordamida shoxobchalar faoliyati bilan bogʻliq barcha maʼlumotlarni onlayn rejimda kuzatishlari mumkin.

   Qolaversa, elektr taʼminoti bo‘yicha savollarga vazirlikning 1154 qisqa raqami, Toyloq tuman elektr ta’minoti korxonasining 66666-57-60 ва 66666-59-11 telefon raqamlariga yoki “Telegram”dagi @HET_admin administratorga hamda gaz taʼminoti boʻyicha esa 1104 va 104 qisqa telefon raqamlari, Toyloq tuman gaz taʼminoti korxonasining 55-704-08-46 telefon raqamiga yoki “Telegram”dagi “@hududgaz_murojaat_bot”ga murojaat qilish imkoniyati yaratilgan.

  Hurmatli isteʼmolchilar, avvalambor aholini uzluksiz energiya resurslari bilan taʼminlash maqsadida koʻrilayotgan birinchi navbatdagi choralarni toʻgʻri tushungan holda, 

Sizdan:

– elektr qurilmalari va isitish moslamalariga nihoyatda ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlishni;

– resurslardan imkon qadar samarali va tejamkorlik bilan foydalanishni;

– nostandart, energiya samarasiz qurilmalardan foydalanmaslikni;

– qurilmalardan foydalanilmayotgan vaqtlarda ularni tarmoqdan ajratib qoʻyishni;

– is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilayotgan tavsiyalarga  qatʼiy rioya qilishingizni soʻraymiz.

Teglar
- -