insurez
29-11-2024 10:47

Birgalikda kuchli, halol va adolatli jamiyat quramiz


Deputat minbari

  Korrupsiya bu davlat organlari va jamoat xizmatlaridan foydalangan holda, shaxsiy manfaatlar uchun noqonuniy yoki axloqan noto'g'ri harakatlar qilishdir. Bu xavfli illatning jamiyatga keltiradigan salbiy ta'sirlari juda ko‘p. Korrupsiyaning eng xavfli oqibatlaridan biri iqtisodiy o'sishni sekinlashtiradi, aholining kam ta'minlangan qatlamlarining hayot sharoitlarini yanada yomonlashtiradi, adolatsizlik kuchayadi va ijtimoiy farovonlik pasayadi. Korrupsiya davlat va hukumat idoralariga nisbatan ishonchsizlikni keltirib chiqaradi. Bu esa fuqarolarni siyosiy jarayonlardan ajratadi, demokratik tizimlarning samaradorligini pasaytiradi. 

   Bundan tashqari, korrupsiyaning keng tarqalishi huquqni muhofaza qilish tizimlarining samaradorligini pasaytiradi,  natijada fuqarolar o'z huquqlarini himoya qilinishiga ishonchsizlik tuyg‘usi shakllanadi. 
Shu sababli, korrupsiyani bartaraf etish unga qarshi kurash davlat va jamiyatning rivojlanishiga bo'lgan zaruriy qadam hisoblanadi. Bu borada barcha darajadagi rahbarlar va fuqarolar mas'uliyatni o'z zimmasiga olib, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan chora ko'rishlari lozim, chunki bu muammo nafaqat biror tashkilot yoki davlatning, balki butun jamiyatning umumiy vazifasidir.
    Ayniqsa, huquqiy tizimni yanada mustahkamlash,  korrupsiyaga qarshi qonunlarni kuchaytirish, sud tizimi va huquqni muhofaza qilish organlarini mustaqil va samarali ishlashini ta'minlash zarur. Bundan tashqari, nafaqat qonunlar, balki har bir fuqaroning ongida chuqur ildiz otgan etika va axloqiy qadriyatlarni shakllantirish lozim. 
   Korrupsiyani oldini olishda jamoatchilikning faol ishtiroki muhim ahamiyatga ega. Ochiq va shaffof siyosat, davlat organlarining harakatlarini jamoatchilikka ochiq qilish, auditorlik va monitoring tizimlarini kuchaytirish kerak. Shuningdek,  korrupsiyaga jamiyatdagi axloqiy muammo sifatida qarab, barcha aholi qatlamiga halollik, mas'uliyat, adolat va axloqiy qadriyatlarni o'rgatish, korrupsiyaning zararli oqibatlarini tushuntirish muhimdir.

   Bu xavfli illatga qarshi kurashda har bir inson mas'uliyat bilan yondashib, o‘z burchi sifatida qarasa birgalikda kuchli, halol va adolatli jamiyat quramiz.
 

Mo'tabar Yo'ldosheva,

Xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashi deputati.

Teglar
- -