
Mamlakat va jamiyat taraqqiyoti hamda uning barqarorligida davlat ramzlarining alohida o‘rni bor. Shu ma’noda, milliy bayrog‘imiz davlat va jamiyat hayoti, uning jahon hamjamiyatidagi o‘rni hamda rolini ko‘rsatishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, har birimiz uchun iftixor timsoli hisoblanadi.
Tariximizga nazar tashlaydigan bo‘lsak, buyuk sarkardalarimiz Shiroq, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Bobur Mirzolarning Jangovar yurishlarida bayroq askarlarga katta ruh va shijoat bag‘ishlab, ularni buyuk g‘alabalar sari yetaklagan. Shu jihatdan olib qaraganimizda yurtimizda davlat ramzi bo‘lmish bayroqning paydo bo‘lish tarixi juda uzoq o‘tmishga borib taqaladi.
Bu borada xalqimizning uzoq yillik o‘tmishi, tarixan rivojlanish jarayonlari, ayniqsa, buyuk sohibqiron Amir Temur asos solgan Turon davlatining salohiyati, kuch-qudrati, milliy qadriyatlarimiz, an’analarimiz chuqur o‘rganildi. Dastlab, bayroqning bir necha ko‘rinishdagi shakllari yaratilib, u keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi. Xalqimizning bu boradagi fikr, taklif, mulohazalari e’tiborga olindi. Natijada, 1991 yilning 18 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 8-sessiyasida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi masala ko‘rib chiqilib, bugun davlatimiz uzra hilpirab turgan O‘zbekiston Respublikasining Bayrog‘i qabul qilindi va “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonuni ma’qullandi va uning maqomi, undan qayerlarda va qanday foydalanish tartiblarini belgilab bergan edi 2023 yilning 23 inyudagi O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Davlat Bayrog‘i to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuni bilan 1991 yilgi Qonunga bir qator o‘zgartirish va qushimchalar kiritildi.
Mazkur Qonunga binoan bayroqdan foydalanish va uni o‘rnatish bo‘yicha bir qator imkoniyatlar kengaytirildi. Xususan O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘iga nisbatan hurmatni ta’minlagan holda, undan jamoat joylarida, binolar va boshqa ob’yektlarda, yashash yoki ish joylarida, shuningdek ularga tutash bo‘lgan hududlarda, transport vositalarining salonida foydalanilishiga ruxsat berildi.
Qisqacha qilib gapirganimizda Davlatimizning ramzi va millatimizning g‘ururi bo‘lgan davlatimiz bayrog‘ini qancha hurmat qilsak va uni qadrlasak ham kamdur. Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin davlat bayrog‘imiz doimo balanglarda hilpirab tursin.
Fazliddin Mirbabayev,
Toyloq tuman hokimining ma’naviy-ma’ifiy
ishlar samaradorligini oshirish,
til to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini
ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi.